Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amerikada yashayotgan oʻzbek biofizigining tojli ogʻu va til haqida oʻylari
10:17 / 2020-05-04

Kichkinagina unsur — na joni bor, na oʻlik, koʻzga umuman koʻrinmaydi.


Kichkinagina unsur — na joni bor, na oʻlik, koʻzga umuman koʻrinmaydi. Qulay fursat kelsa, tirik jonzot hujayrasi ichiga kirib olib koʻpayishni boshlaydi. Koʻpayish hisobiga hujayrani nobud qilib, qonga oʻtadi va boshqa hujayralarga zarar keltirishni boshlaydi. Qondan nafas orqali tashqariga ham chiqib ulguradi va havo orqali yana boshqa jonivorlarga hujum qiladi. Zamon tezlashgan sari u ham tez tarqalishni boshlaydi. Zudlik bilan jilovlashga ulgurilsa, uning salbiy oqibatlarini toʻxtatishga erishish mumkin.

Til ham ana shunday “unsurlar” orqali zarar koʻradi. Hozirgi paytda butun dunyo tillarining ahvoli shunday. Oʻz tilimizni saqlamoqchi boʻlsak, oʻzga tillarni ham saqlashimiz kerak. Aks holda, “unsur” barcha hujayralarni nobud qilgani kabi, barcha tillarni ham nobud qiladi.

NA JONI BOR, NA OʻLIK...

Keling, jonli va jonsiz, degan soʻzlarni aniqlashtirib olsak.

Olimlar hayotni shartli ravishda bir hujayrali tayoqcha (lotinchasi — bacteria)-zamburugʻlardan tortib, to insongacha boʻlgan barcha oʻsimlik va hayvonot dunyosini “tirik mavjudot” deb belgilab olganlar. Tirik mavjudotlar naslni davom ettirish, koʻpayish qonuniyatlariga boʻysunadilar. Tiriklik qonuniyatlari esa hujayra markazidagi, qobiqlar bilan himoyalangan DNK zanjirlariga dasturlab yozib qoʻyilgan. Joni bor ekan, tashqaridan kirayotgan maʼlumotlar DNK zanjirigacha yetib boradi va kerakli maʼlumotlar ichkaridan tashqariga chiqariladi. Tashqaridan kirgan maʼlumotlar ijobiy yoki salbiy boʻlishi mumkin. Bu maʼlumotlar DNK zanjiriga ijobiy yoki salbiy taʼsir koʻrsatib, DNK zanjirini ijobiy yoki salbiy tomonga oʻzgartirishi ham mumkin. Bunday oʻzgarishlar genetikada oʻzgarish (lotinchasi - mutatio) deb ataladi. Tiriklikning ushbu qonuniyatlariga boʻysungan mavjudotlarni bemalol jonli deyishimiz mumkin.

Jonsiz esa tugʻilmaydi, koʻpaymaydi, yashamaydi ham, ular bor, vassalom. Bir holatdan ikkinchi yoki uchinchi holatlarga oʻtishi mumkin, xolos. Havo, suv, tuproq, olov kabilar bunga eng oddiy misol boʻla oladi. Bu jonli va jonsiz dunyoga berilgan qisqacha maʼlumot sizlarni qoniqtirsa kerak, deb oʻylayman. Lekin shunday mavjudotlar borki, ularni na jonli, na jonsiz deyish mumkin. Hozirda butun dunyo ahlini uyda saqlanishga majbur qilayotgan tojli ogʻu ana shunday oraliq dunyoning salbiy qiyofasiga yaqqol misoldir. Xar bir yomonlikning yaxshi tomoni boʻlganidek, bu ogʻu odamlarni shaxsiy ozodaligi va yuqumli ogʻular haqidagi savodini bir necha baravarga oshirib yubordi.

Endi bu oraliq dunyo vakillari — ogʻularga qisqacha taʼrif bersak. Ularning joni bor ham, yoʻq ham, deyolmaysiz. Joni yoʻq deyilishiga sabab — hujayralari yoʻq, lekin DNK va RNKlari bor, oʻzini-oʻzi koʻpaytira oladi. Qulay sharoitga tushsa bas, yaʼni biror hujayra ichiga kirib olsa, shu hujayra ozuqa moddalari hisobiga parazitlik qilib, oʻz nusxasini mingdan oshiq songa koʻpaytirib, hujayrani oʻldirib, yorib chiqadi va yana boshqa minglab sogʻlom hujayralarni ichiga kirib zararlay boshlaydi. Bu jarayon qanchalik tez takrorlansa, tanani shunchalik tez halokatga olib keladi. Har gal hujayralardan minglab ogʻular tugʻilib chiqqanida, qon orqali butun tana aʼzolariga tarqalib, oʻpkani ham ishdan chiqara boshlaydi. Oʻz navbatida kasallangan kishi yoʻtalgan, aksirganda, ogʻular havoga otilib chiqadi va yana ham keng tarqalish imkoniyatiga ega boʻladi. Ogʻular ana shunday ikki dunyo oraligʻida — na tirik, na oʻlik holatda boʻladi. Oʻlik holatda havo, chang-toʻzon, tuproq, suv va hatto muzliklar ostida ming yillab qolib saqlanishi mumkin. Shuning uchun olimlar qadimgi — ming yillik muzlarning erishi, unut boʻlib ketgan xatarli ogʻularning qayta tarqalishi mumkinligidan ogoh qiladilar. Ogʻu bilan zararlanish, asosan, hammamizga maʼlum boʻlgan tumovning har-xil turlari hisoblanadi. Qush ogʻusi, choʻchqa ogʻusi va hokazolar shular jumlasidandir.

Ogʻularning hammasi taxminan bir xil yoʻsinda koʻpayadi, ularning koʻpiga qarshi emliklar (lotinchasi — vaccina) ishlab chiqarilgan. Emlik – tana himoya (lotinchasi — immunitas) tizimini muayyan bir ogʻuga qarshi kurashishga majbur qiluvchi vositachi. Himoya tizimi ogʻu shaklini eslab qolib, keyingi gal u qonda paydo boʻlganda, uni tanib, yogʻ qobiqlariga qamrab oladi va zararsizlantirib, koʻpayishiga yoʻl qoʻymaydi. Ogʻular ham oʻz navbatida himoya tizimini aldash maqsadida shaklini oʻzgartirib turadi. Tojli ogʻu ana shunday oʻzgarishga uchragan shakl boʻlib, hozircha unga qarshi emlik ishlab chiqarilganicha yoʻq. Bu ogʻular haqidagi qoʻrqinchli hikoyalarni bas qilaylik-da, endi foydali tomonlari haqida ham biroz gaplashsak.

Ogʻularning jilovi qoʻlga olinsa, ulardan unumli foydalanish ham mumkin. Ular koʻpincha hujayralar ichiga tanlab kirib oladi va faqat maʼlum jonivorlardagina koʻpayib, ularni nobud qilib, insoniyatga aslo ziyon keltirmaydi. Ularning bunday xususiyatlaridan olimlar dehqonchilikda oʻsimliklarga zarar keltiradigan tayoqcha-zamburugʻlarga yoki zararli hasharotlarga qarshi kurashda ishlatishlari mumkin. Tibbiyotda inson salomatligiga ziyon keltiruvchi baʼzi tayoqcha hujayralarini yoki saraton hujayralarinigina tanlab qirish maqsadida ogʻulardan foydalanish mumkin. Buning uchun ogʻular faoliyatini chuqur oʻrganib chiqish kerak. Demak, ogʻularni bilmaslik dahshatli, xatarli oqibatlarga olib kelsa, ularni yaxshilab oʻrganish foydali boʻlishi mumkin.

Ogʻular ikki dunyo oraligida tirik va oʻlik holatda ming yillarcha saqlanib kelolsa ham, eng oddiy yuqumsizlantirish (desinfection) taʼsirida bir daqiqada butunlay qirilib ketishi ham mumkin. Tabiiy holdagi eng oddiy ogʻularning dushmani quyosh nuridir, undagi ultrabinafsha nurlar nainki ogʻular, tayoqcha va zamburugʻlarni ham parchalab tashlaydi. Quyosh nuriga toʻyingan toza havo ham ogʻularni zararsizlantiradi. Alkogolni 61-72 foizgacha boʻlgan eritmasi eng yaxshi yuqumsizlantirish xususiyatiga ega yoki xlorli, ammiakli, sirkali eritmalar ham koʻp turdagi tayoqcha va ogʻularni zararsizlantiradi. Yogʻ, vazelin kabilar ham tayoqcha-ogʻularni oʻziga singdirib olib tarqalishiga yoʻl qoʻymaydi.

Demak, ogʻular bilan juda ehtiyotlik bilan muomalada boʻlmoq kerak. Jilovidan chiqib ketsa bormi, u dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ana shunday holatlarda chilla - uydan chiqmaslik kasallikning oldini olishning eng ishonchli yoʻli boʻlgani butun dunyoda tan olindi.

ENDI TIL HAQIDA GAPLASHSAK...

Til oʻzi nima? Til taʼm biluvchi aʼzo, demak, ovqatning achchiq-chuchukligi, nordon-shoʻr, shirinligini aniqlashga xizmat qiladi. Yana ajoyib tomoni, qadimda til yordamida odamlar tovush chiqarib bir-biri bilan aloqa qilgan, fikr almashib, bilimlarini boyitganlar. Keyinchalik tovushlar maʼlum soʻzlar, soʻzla esa gaplarga aylangan. Gaplar - maʼlumotlar koʻpayib borgan sari ularni toshlarga yozib qoldirish ehtiyoji tugʻilgan. Keyinchalik madaniyat, qogʻoz, kitob paydo boʻlgan. Barcha millatlar oʻz madaniyati goʻzalliklarini oʻz tillari orqali, boshqa millatlardan farqli oʻlaroq, avloddan-avlodga oʻtkazib, boyitib kelganlar. Millatning maʼnaviy-madaniy boyligi milliy tilning boyligi bilan ajralib turgan va turadi. Ilm-fanning rivojlanishi bilan inson aqlini tezlik bilan oshiradigan vositasi ham til boʻlib qoldi. Demak, til bilim quroli, u qanchalik mukammal boʻlsa, shu millat egasi shunchalar katta kuchga ega boʻladi.

Xoʻsh, tilning ogʻu-unsurlarga nima aloqasi bor? Hozirgi raqamli, xalqlarning aloqa almashishi tezlashib ketayotgan davrda “yangi zamon” soʻzlarining paydo boʻlishi, yoshlar ularni tushunib-tushunmay qoʻllashlari, yosh avlod aql-zakovat, madaniyat darajasini tushirib, millat tiliga tushgan “unsurlar” kabi tilning yoʻqolishiga olib kelmoqda.

Yaxshi gapirilgan gap quloq pardasidan kirib, nerv tolalari orqali miyaga yetib boradi va asab hujayralari ichiga kirib DNK zanjiridagi xatolik boʻgʻimini tuzatish yoʻli bilan kasalni xech qanday dori-darmonsiz tuzatadi. Mana tildan chiqqan muloyim gaplarning kuchi qanday. Xuddi shu yoʻl bilan ong darajasi yuqori boʻlmagan odamning tildan chiqqan yomon gaplar sogʻ odamni yostiqqa yiqitishi ham mumkin. Inson qanchalar yuqori madaniyat egasi boʻlsa, u oʻz tilini ardoqlaydi, uning tili faqat yaxshi soʻzlarni soʻzlaydi. Unday insonlar ikki tilni bilsa, ikki tilda, uch tilni bilsa, uch tilda faqat yaxshi gaplarni soʻzlaydi.

Aslida ogʻularga atroflicha baho berishdan maqsad oʻzbek tilimiz ham xuddi ogʻular bilan zararlangan hujayralarga oʻxshashligini koʻrsatish edi. Bir dona ogʻu ham avval hujayra tashqarisiga oʻrnashib olib, oʻzining koʻpayish dasturini hujayra ichiga yuboradi. Hujayra ichida tekin tomoqlik qiladi — hujayra oziq moddalarini oʻzlashtirib, minglab ogʻularni “tugʻdiradi”, hujayrada tiriklik alomati qolmagandan soʻnggina yangi tugʻilgan ogʻular oʻlgan hujayrani tark etib, boshqa sogʻlom hujayralarga hujumga oʻtib, yana minglab ogʻularni tugʻdiradi va bu koʻpayish jarayoni bir necha bor takrorlanishi bilan qisqa muddatda butun boshli tanani halokatga olib keladi.

Ogʻularni koʻzga koʻrinmasligi, arzimagandek tuyulishi, fursat poylab hujayra ichiga kirib olishi jarayonini tilimizga qilinayotgan va koʻzga ilgʻamas “hujumga” oʻxshashligini koʻrsatib bergim keldi. Til ham aslida tirik hujayralar kabidir. Tashqaridan bir dona ogʻu bir dona hujayra ichiga kirib olsa, butun bir millat tilini nobud qilishi hech gap emas. Bunday ogʻular-soʻzlar bizning oʻzbek tilimizga ham kirib kelayotgani achinarli va xatarli holatdir. Bunday muammo ingliz tilli jamiyatlarda ham bor. Bu butun dunyo, har bir millat uchun katta muammo boʻlib qolmoqda.

Oʻzbek tilimizda soʻzlashish madaniyati yildan-yilga oʻzgarishlarga uchrab borayapti. Avvaliga rus tilidan ogʻu kabi tekin tomoq soʻzlar kirib kela boshlagan boʻlsa, keyinchalik mamlakatlar aro aloqalar tezligi oshgan sari ingliz, fransuz, nemis, ispan kabi tillardan ham shu singari soʻzlar tezlik bilan oqib kela boshladi. Natijada, bu tekin tomoq soʻzlar oʻzbek tilimizni tezlik bilan oʻzgartirib, oxir-oqibat, tilimizning koʻrkini yoʻqolishiga olib kelmoqda. Dunyo kezishga toʻgʻri kelayotganligi tufayli bizning tilimizda uchrayotgan yoʻqotishlar ruslarda bizdan ham koʻproq roʻy berayotganini koʻrdik. Undan ham qizigʻi, biz oʻzgarmaydigan deb bilgan ingliz tilida bunday yoʻqotishlar yana-da koʻp ekan.

Mana shu yerga kelganda ogʻular olami haqidagi qisqacha suhbatimizni boshqa turdagi ogʻularga qaratsak. Xoʻsh yana qanday ogʻu bor ekan dersiz? Eʼtibor bergan boʻlsangiz, shu maqolani yozishda iloji boricha faqat oʻzbek soʻzlarini ishlatishga harakat qildim. Lekin baribir tashqaridan kirgan ayrim atamalarni ishlatishga majbur boʻldim. Toʻgʻri, biron millat va uning tili tashqi dunyodan ayro yashay va rivojlana olmaydi. Biroq tez rivojlanayotgan endigi zamonda ogʻuli — tekin tomoq soʻzlar jahon xalqlari tillarini buzib, nihoyat oʻlib borishiga olib kelyapti. Qizigʻi shundaki, biz oʻzbeklar rus va ingliz tillarini oʻrganamiz va oʻsha til egalariga nisbatan toza gapiramiz va aksincha, ular oʻzbek tilini oʻrgansalar, bizning tilda bizdan koʻra tozaroq gapiradilar yoki harakat qiladilar. Oʻz tilimizda gapirsak, ular bizni tushunmaydilar va nega buzib gapiryapsiz, deydilar. Ogʻular koʻpayib, hujayralar oʻlib borgani kabi, tillardagi ogʻu soʻzlar ham tillarning yoʻqolishiga olib keladi.

Kamol Ahmedov,

biologiya fanlari nomzodi