Guliston tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Sardorbek Xolyigitov o‘zining yuksak bilim saviyasi, qat’iyati va doimiy izlanishi samarasi o‘laroq AQSHning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Kolorado Davlat universitetiga muddatidan oldin qabul qilindi.
Iste’dodli yosh 2026-yil kuzgi semestrdan boshlab, ushbu universitetda bakalavriat bosqichida tahsil olishni boshlaydi.
Sardorbekning bu yutug‘i uning ko‘p yillik mehnati, o‘z ustida tinimsiz ishlashi hamda xalqaro ta’lim tizimiga intiluvchanligining yaqqol natijasidir. Uning ta’kidlashicha, mazkur muvaffaqiyat osonlikcha qo‘lga kiritilmagan.

– Men bu maqsad sari uzoq vaqtdan beri intilib kelyapman. Xorijiy universitetga hujjat topshirish jarayoni men uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi. Ustozlarimning yordami, ota-onamning qo‘llab-quvvatlashi va o‘zimga bo‘lgan ishonch meni oldinga undadi. Bu yutuqni barcha yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar samarasi deb bilaman, – deydi Sardorbek Xolyigitov.
Ushbu quvonchli voqea munosabati bilan tuman hokimining o‘rinbosari Xurshid Chelibayev hamda tuman maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Dilmurod Qodirqulov iste’dodli o‘quvchi bilan uchrashdi. Uchrashuv chog‘ida Sardorbekning muvaffaqiyati nafaqat uning shaxsiy yutug‘i, balki Guliston tumani ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasi ekani alohida ta’kidlandi.
Muloqot davomida yosh iqtidor egasining kelgusida egallamoqchi bo‘lgan kasbi, xalqaro tajriba orqali zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish, shuningdek, kelajakda Vatan ravnaqiga hissa qo‘shish borasidagi rejalari muhokama qilindi.
– Men xorijda olgan bilim va tajribamni kelgusida O‘zbekistonda qo‘llashni, yoshlar uchun foydali tashabbuslar bilan chiqishni istayman. Bu mening eng katta orzularimdan biri, – deya qo‘shimcha qildi Sardorbek.
Uchrashuv yakunida mas’ullar Sardorbek Xolyigitovning bu yutug‘i boshqa o‘quvchilar uchun ham katta ibrat va ruhiy rag‘bat ekanini ta’kidlab, bunday iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ta’lim sohasidagi ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolishini qayd etdilar.
Shubhasiz, Sardorbekning xalqaro miqyosda erishgan ushbu muvaffaqiyati Guliston tumani yoshlarining salohiyati yuksak ekanini yana bir bor namoyon etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA