AQSH Prezidenti Jo Bayden mamlakat harbiy-dengiz floti rahbari lavozimiga ayol admiral Liza Franchetti nomzodini ilgari surdi, deya xabar berdi “BBC News”.
Tarixda birinchi marta AQSH harbiy-dengiz kuchlariga rahbarlik qiladigan bu juvon AQSHning 6-floti va Janubiy Koreyadagi AQSH dengiz kuchlari sobiq qo‘mondonidir.
Hujumkor samolyot tashuvchi qo‘mondoni bo‘lib xizmat qilgan nomzodni Prezident Bayden ma’qullagach, Senat ham tasdiqlashi kerak.
Axborotda qayd etilishicha, harbiy-dengiz kuchlarida 38 yil xizmat qilgan Liza AQSH tarixida admiral unvoniga ko‘tarilgan ikkinchi ayol hisoblanadi.
AQSH matbuoti xabariga ko‘ra, admiral Franchetti AQSH harbiy-dengiz kuchlariga rahbarlik qilish uchun birinchi tanlov emasdi. Bu lavozimni admiral Semuel Paparo egallashi kerak edi, biroq Bayden uni Tinch okeanidagi AQSH armiyasi qo‘mondonligiga tayinlagan.
Liza Franchetti AQSH harbiy-dengiz kuchlari boshqaruvini joriy yil kuzda, amaldagi rahbarning to‘rt yillik vakolati tugashi bilan qo‘liga oladi.