Bugun - 8 may erta tongida AQSHning Las-Vegas shahridagi "T-Mobile Arena«da biz o‘zbekistonlik boks ishqibozlari uchun uzoq kutilgan professional boks kechasining barcha janglari quvonchli g‘alabalar bilan nihoyasiga yetdi.
Hamyurtlarimiz Shahram G‘iyosov va Elnur Abduraimovlar AQSH ringida o‘zlarining ishonchli g‘alabalariga erishdi.
Shahram meksikalik Kristian Gomesga qarshi kechgan jangda raqibini ochkolar hisobida mag‘lub etdi.
Professional boksdagi faoliyati mobaynida 13 jangda 13 g‘alabaga erishgan iste’dodli bokschimiz bahslar yakunida jurnalistlarga bergan intervyusida «Yangi O‘zbekistonga yangi g‘alabalar, yangi kamarlar bilan borishga hozirlanayotganimdan xursandman. Bizni qo‘llab-quvvatlab turgan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman,” deya ta’kidladi G‘iyosov.
Professional bokschimiz Elnur Abduraimov esa ushbu boks kechasida kubalik Manuel Korrea bilan 8 raundga mo‘ljallangan jangning 2-raundida raqibini nokaut evaziga mag‘lub etdi. Aytish joiz, kubalik yengilmas bokschi Korrea faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatni o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasidan qabul qildi.
Mazkur boks oqshomining markaziy jangida yarimog‘ir vazn toifasida WBO kamari sohibi rossiyalik Dmitriy Bivol mutlaq Jahon chempioni Saul Alvaresga qarshi jang o‘tkazdi. Amerika boks korchalonlarining bashorati o‘z tasdig‘ini topmadi. Bivol AQSHga faqat g‘alaba uchun kelganligini isbotladi.
12 raundga mo‘ljallangan bahs Bivolning ustunligida kechdi. Buni natijalar ham ko‘rsatdi. 115-113, 115-113, 115-113. Ushbu jangga tayyorgarlikning asosiy bosqichini O‘zbekistonda o‘tkazgan Bivol professional boksdagi 20 g‘alabasini nishonladi.
Shu tariqa yengilmas Saul Alvares shov-shuvli tarzda professional boksda ikkinchi bor mag‘lubiyat alamini qabul qildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA