Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Amazon” 30 ming hodimining “javobini bermoqchi”
16:13 / 2026-01-23

Mashhur “Amazon” kompaniyasi yaqin kunlarda yana minglab xodimlarini ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda. Manbalarga ko‘ra, navbatdagi qisqartirishlar umumiy hisobda 30 ming nafar korporativ xodimni kamaytirish rejasi doirasida amalga oshiriladi. Jarayon kelasi haftadan boshlanishi mumkin.

O‘tgan yilning oktyabr oyida kompaniya taxminan 14 ming nafar aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar bilan “xayrlashgan” edi. Endigi qisqartirishlar hajmi ham shunga yaqin bo‘lishi kutilmoqda

Avvalgi ishdan bo‘shatishlar sun’iy intellekt texnologiyalarining tez rivojlanishi bilan bog‘langan edi. “Amazon” rahbariyati AI kompaniyalarga tezroq va samaraliroq ishlash imkonini berayotganini ta’kidlagan. Bosh direktor Endi Jassi keyinchalik bu qarorlar asosan moliyaviy yoki texnologik sabablar emas, balki ichki boshqaruvdagi ortiqcha byurokratiya bilan bog‘liq ekanini ochiq aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyada boshqaruv pog‘onalari haddan tashqari ko‘payib ketgan.

So‘nggi yillarda yirik korporatsiyalar sun’iy intellektdan kod yozish, kundalik jarayonlarni avtomatlashtirish va xarajatlarni kamaytirish uchun faol foydalanmoqda. “Amazon” ham bu yo‘nalishda AI modellarini keng joriy etib, samaradorlikni oshirishga intilmoqda. Shu sababli kompaniyaning korporativ shtati kelgusida yana qisqarishi mumkin.

Rejalashtirilgan 30 ming ish o‘rni qisqartirilishi kompaniyaning 1,58 millionlik umumiy ishchi kuchiga nisbatan kichik ko‘rinishi mumkin, ammo bu ofis xodimlarining qariyb 10 foizini tashkil etadi. Aksariyat xodimlar esa ombor va logistika markazlarida ishlashda davom etadi. Agar reja to‘liq amalga oshsa, bu “Amazon”ning qariyb 30 yillik tarixidagi eng yirik qisqartirish bo‘ladi.

Musulmon Ziyo, O‘zA