O‘zbekiston Milliy uiversitetning Jizzax filiali olimlari tomonidan taqdim etilgan amarant o‘simligini o‘stirish loyihasi ham sho‘rlangan tuproqlarning meliorativ holatini yaxshilaydi, ham chorva mollari uchun to‘yimli ozuqa vazifasini bajaradi.
Jizzax viloyat hokimligi Axborot xizmatining xabar berishicha, Innovatsion rivojlanish vazirligi Hay’atining navbatdagi yig‘ilishiga Jizzax viloyatida amalga oshiriladigan ushbu loyiha kiritilgandi. Hay’at O‘zbekiston Milliy uiversiteti Jizzax filiali tomonidan ishlab chiqilgan “Sho‘rlangan tuproqlarning meliorativ holatini yaxshilashda amarant o‘simligidan optimal foydalanish texnologiyasi va chorvachilik uchun zarur bo‘lgan ozuqa bazasini yaratish” tijoratlashtirishga tayyorlash loyihasini 100 million so‘mga moliyalashtirishga qaror qildi.
Ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida – sho‘rlangan tuproqlarning meliorativ holati yaxshilanadi, amarant yormasi oziq-ovqat sanoatida bug‘doy uniga qo‘shimcha sifatida ishlatiladi. Eksportbob amarantdan moy olinib, doni va moyi farmatsevtika uchun xomashyo sifatida foydalanilanilishi va eksport qilinishi mumkin bo‘ladi.
Bulardan tashqari, chorvachilik uchun to‘yimli yuqori kaloriyaga ega omuxta yem tayyorlanib, sut mahsuldorligini oshiradi.
A.Qayumov, O‘zA