Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazi Navoiy filiali hamda Belarus Respublikasidagi “Akademik I.P. Antonov nomidagi Vitebsk davlat tibbiyot kolleji o‘rtasida tuzilgan memorandumga asosan o‘rta tibbiyot xodimlarining amaliyot jarayonlarini tashkil etish maqsadida “Zamonaviy standartlar asosida amaliy ta’limni tashkil etish va ta’lim jarayonida simulyatsion texnologiyalarni qo‘llash” mavzusida onlayn o‘quv seminari tashkil etildi.
Seminarda Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi direktori Lola Musajonova, filial direktori Vali To‘rakulov va kollej direktori Yelena Orlova ishtirok etib, so‘zga chiqdi.


Tadbir davomida “Quyi qo‘l-oyoq sohasidagi ochiq jarohatlar” va “Reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limlarida yurak-o‘pka reanimatsiyasini o‘tkazish” mavzularida algoritmlarni amaliy bajarish bo‘yicha videoroliklar namoyish etildi. Ularda ta’lim jarayoniga yangi standartlarni joriy etish va talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

– Seminarda ta’lim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda simulyatsion texnologiyalardan samarali foydalanish kabi dolzarb masalalar muhokama etildi, – deydi Vali To‘raqulov. – Fikr va tajriba almashish natijasida hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida “Yo‘l-transport hodisalarida tez tibbiy yordam brigadasi tomonidan ko‘rsatiladigan shoshilinch tibbiy yordam” hamda “Intensiv terapiya palatasida qon yo‘qotish natijasida yuzaga kelgan gipovolemik shokda shoshilinch tibbiy yordam” bo‘yicha kelishib olindi.


Mazkur tadbir Belarus va O‘zbekiston ta’lim muassasalari o‘rtasida samarali hamkorlik modelini yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, tibbiy ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri