Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amaliyotga joriy etilgan tadqiqotlar ko‘rgazmasi
16:14 / 2025-09-23

Qarshi shahridagi Yoshlar texnoparkida Qarshi davlat texnika universiteti professor-o‘qituvchilari, yosh olimlari va talabalarning ilmiy ishlanmalari va innovatsion mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

– Bugungi ko‘rgazmada o‘zim yetishtirgan batat (shirin kartoshka) hosili bilan ishtirok etmoqdaman, – deydi Qarshi davlat texnika universiteti 2-kurs tayanch doktoranti Maftuna Qo‘yliyeva. – Hozirda “Turli ekish tizimlari va usullarining batat ekini o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’siri” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boryapman.

Qo‘limdagi ushbu o‘simlik – batat, xalq orasida shirin kartoshka nomi bilan mashhur. U oddiy kartoshkadan farqli o‘laroq, vitamini yuqori, organizm uchun foydali moddalarga boy hisoblanadi. Ayniqsa, yurak xastaliklari va qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun tavsiya etiladi. Shuningdek, yosh bolalar uchun ham xavfsiz allergik ta’siri yo‘q. Uni pyure holatida iste’mol qilish mumkin.

Ayni paytda batatni ochiq maydonda va plyonka ostida ekib o‘stiryapmiz. Ochiq maydondagi bo‘z tuproqlarda bir gektardan 50-60 tonnacha hosil olish mumkin. Bu esa uni samarali va iqtisodiy jihatdan foydali ekin sifatida namoyon etadi. 

Tadbirning aynan ilmiy izlanishlar natijalariga qaratilgani bejiz emas. Sababi bugungi kunda malakali muhandislarni tayyorlash, yoshlarning innovatsion g‘oyalarini tayyor mahsulotga aylantirishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladigan tizimni yaratish muhim masalaga aylangan.

Ko‘rgazmada raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, tibbiyot texnologiyalari va biotexnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, robototexnika va boshqa ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha 60 dan ortiq ilmiy ishlanmalar namoyish etildi.

[gallery-25412]

– Bugun oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchi olimlar zimmasidagi muhim vazifalardan biri ilmiy tadqiqot ishlanmalarini sotish va tijoratlashtirishga erishishdan iborat, – deydi universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori G‘ulom Uzoqov. – Bu o‘z navbatida, ilmiy izlanishlarimizni “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida ya’ni, korxonalardagi muammolar yechimiga qaratilishini, hamkorlikni yanada mustahkamlashni ham taqozo etadi. Ko‘rgazmada namoyish etilgan ishlanmalarning aksariyati odamlar uchun yangi qulayliklar va yengilliklar yaratishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Olimu ixtirochilarni bir maskanda jamlagan ko‘rgazma o‘zaro tajriba almashish, yangi g‘oyalarni yaratish, muhim mavzular yuzasidan fikrlashish imkonini berdi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari