Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amaliyotda samaradan ko‘ra ko‘proq muammo tug‘dirishi mumkin bo‘lgan qonun rad etildi
17:59 / 2022-12-27

Senat yalpi majlisida qonun ijodkorligida shoshma-shosharlikka, yuzakichilikka, hamma uchun majburiy bo‘lgan qoidalarni shunchaki, yetarli asoslarsiz belgilab ketishga zinhor yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi qayd etildi.

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida bu fikr aytilgani bejiz emas. 

Chunki qonundagi qator normalar amaldagi boshqa qonunlar, jumladan, huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq bo‘lgan qoidalarga nomuvofiq, hatto ba’zi o‘rinlarda zid va qarama-qarshi ekani aytildi. 

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov soha mutaxassislari, ekspertlar, olimlar ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalarda ham shu jihatlar ko‘zga tashlanganini ta’kidladi. 

Xususan, qonunning 19-moddasida sog‘liqni saqlash muassasalarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi vakolatlari sifatida voyaga yetmagan shaxslar o‘rtasida alkogol va tamaki mahsulotlari iste’mol qilinishining profilaktikasiga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, alkogol ta’sirida mast holatda bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslarni kecha-kunduz qabul qilish va ularga tibbiy yordam ko‘rsatish belgilab berilmoqda. 

Yalpi majlis davomida muhokama qilingan boshqa bir ya’ni, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunda esa yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etish sub’ektlari sifatida belgilangan.

Har ikkala qonundagi mazkur o‘zaro nomuvofiqlik bartaraf etilishi zarurligiga, ya’ni, voyaga yetmaganlar va yigirma bir yoshgacha bo‘lgan shaxslar bilan bog‘liq munosabatlarga har ikkala qonunda yagona va maqbul yondashuvni ifoda etish lozimligi qayd etildi. 

Qonunning 3-moddasida “voyaga yetmagan nazoratsiz shaxs” tushunchasiga voyaga yetmagan shaxsning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari uni ta’minlash, tarbiyalash va unga ta’lim berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlaganligi yoki ularni lozim darajada bajarmaganligi oqibatida xulq-atvori nazoratsiz qolgan, voyaga yetmagan shaxs, deb ta’rif berilmoqda. 

Konstitutsiyaning 64-moddasida ota-onalar zimmasiga o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalash majburiyati yuklatilgan. Shu boisdan qonunda voyaga yetmagan nazoratsiz shaxs bo‘yicha berilayotgan tushunchaning Konstitutsiyaga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqish zarur.

Qonunning 43-moddasida rasmiy ogohlantirishning shakli Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanishi qayd etilmoqda. Amaldagi normalarda esa rasmiy ogohlantirishning shakli Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan. 

Biroq, qonunda ushbu vakolatni nima uchun hukumatdan vazirlikka olib berish ko‘zda tutilayotganini mutaxassislar ham, qonun tashabbuskorlari ham dastlabki muhokamalarda asoslab bera olmagan. 

Holbuki, bunday yondashuv teng maqomdagi vazirlik va idoralar uchun bir vazirlik tomonidan umummajburiy bo‘lgan protsessual yoki rasmiy tusga ega hujjat shakli tasdiqlanishiga olib kelishi ustuvor normalarga mutlaqo ziddir.  

Qolaversa, qonunning 32-moddasida Bosh prokuratura huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir faoliyatni muvofiqlashtiruvchi yagona davlat organi etib belgilanmoqda. 

Senatorlar tomonidan mazkur qonun jiddiy qayta ko‘rib chiqishga muhtoj va uning hozirgidek holatda ma’qullanishi amaliyotda samaradan ko‘ra, ko‘proq muammo tug‘dirishi ta’kidlandi. 

Qonun senatorlar tomonidan rad qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA