Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan – “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksining 378-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan oliy va professional ta’lim muassasalarida o‘qish uchun tijorat banklaridan olingan ta’lim kreditlarini qoplashga yo‘naltirilgan jismoniy shaxslarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlariga soliq imtiyozlari qo‘llaniladi.
E’tiborlisi, yosh oila tomonidan olingan ipoteka kreditlarini va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni er-xotin yoki ulardan birining yoshi belgilangan yoshdan oshguniga qadar har bir soliq davri davomida tegishli miqdorda qoplashga yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinishi belgilanmoqda.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi amaliyotda bir-birini zidlovchi qonun hujjatlari yuzaga kelishining oldini olish, aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda keyingi masala – “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 30-moddasiga o‘zgartishlar kiritish haqida” qonun loyihasi bo‘ldi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilib kelayotgan ochiqlik siyosati va amaldagi qonunchilikning liberallashtirilishi natijasida mamlakatimizga tashrif buyurayotgan chet el fuqarolar soni ortib bormoqda. Xususan, 2021 yil 4 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 30-moddasida epidemiya (pandemiya) munosabati bilan karantin joriy etilgan hududda vaqtincha turish muddati tugagan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs karantin davri tugaganidan keyin o‘ttiz kun ichida O‘zbekiston Respublikasi hududini tark etayotgan bo‘lsa mazkur shaxslarga amal qilish muddati tugagan milliy pasport bilan, vizasiz va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishga ruxsat berilishi nazarda tutilgan.
Hozirda chet davlat fuqarolariga yaratilgan mazkur shart-sharoitlar ijobiy tasniflanishi bilan bir qatorda, chet davlat fuqarolari tomonidan bo‘lish qoidalarining noto‘g‘ri talqin qilinishiga va chet davlat fuqarolarini qabul qiluvchi shaxslar, joylashtirish vositalari ma’muriyati tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishi holatlari uchrab turibdi.
Masalan, joriy yilning 6 oy davomida 625 ming 932 nafar chet davlat fuqarosi respublikamiz hududiga kirib kelgan bo‘lsa, shundan 7 mingdan ortiq chet davlat fuqarolari respublikamiz hududiga xususiy ishlar, yaqin qarindoshlaridan xabar olish, tijorat maqsadida yoki tranzit o‘tib kelib, belgilangan tartibda viza muddatini uzaytirish imkoniyatiga ega bo‘lgan holda viza muddatini uzaytirmasdan yashab kelmoqda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi chet davlat fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi bilan bog‘liq ma’muriy va boshqa huquqbuzarliklarning samarali oldini olishga imkon beradi. Qolaversa, qo‘shni davlatlardagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni inobatga olgan holda mamlakatda qonuniylik muhitini mustahkamlashga hamda xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda jamiyatimiz hayotining turli sohalaridagi huquqiy negizini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator qonun loyihalari muhokama qilindi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA