O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Adliya vazirligi bilan hamkorlikda suratga olingan “Amaliyotchi qiz” to‘liq metrajli badiiy filmining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Namoyishda Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, kinoijodkorlar, yurtdoshlarimiz hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Shuhrat Rizayev ushbu filmning mazmuni va jamiyatdagi ahamiyati xususida atroflicha so‘z yuritdi.
– Mazkur film mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarini, ayniqsa, odamlarning tashvish va muammolarini hal etish, og‘irini yengil qilish, ularning kayfiyatini o‘rganish borasidagi ezgu ishlarni aks ettirishi bilan ahamiyatlidir, – dedi Kinematografiya agentligi bosh direktori Shuhrat Rizayev. – Filmda atoqli san’atkorlar bilan birga yosh ijrochilar, shuningdek, bir qator blogerlar ham ishtirok etgani uning o‘ziga xosligini ta’minlagan.
Film voqealari 23 yoshli huquqshunoslik yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurti magistranti Madinaning ko‘zi bilan ko‘rsatiladi. Uning hayotiy qarashlari, birinchi amaliyot kunidagi taassurotlari orqali tomoshabin tizimni ichkaridan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Kartina dramatik emas, balki yengil, hayotiy va ba’zan hazilga yo‘g‘rilgan, shu bilan birga taassurotli voqealarga boy.
“Amaliyotchi qiz” filmi oddiy hayotiy vaziyatlar orqali adliya tizimi xodimlari faoliyatini yoritish bilan bir qatorda ularning kundalik mehnati xalq huquq va erkinliklarini ta’minlashda qay darajada ahamiyatli ekanini chuqur his etishga yordam beradi.
“Amaliyotchi qiz” jiddiy komediya janrida suratga olingan film bo‘lib, ushbu kinokartinada bosh rollarni Shahlo Alijonova, Sardorjon Zokirov, Kamol Bobonazarov maromiga yetkazib ijro etgan.
Shuningdek, mazkur kartinada Ra’no Yarasheva, Matyoqub Matjonov, Muhammadiso Abdulxayirov kabi taniqli san’atkorlarning ishtiroki film muvaffaqiyatini ta’minlagani aniq. Film ssenariy muallifi – Sirojiddin Rustamov, rejissyorlar Iqbol Meliqo‘ziyev, Ibrohim Muhammadxo‘jayev. Badiiy rahbar – Shuhrat Rizayev.
“Amaliyotchi qiz” badiiy filmi tomoshabinlarga, ayniqsa, yoshlarga manzur bo‘ldi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri