Sirdaryo tumanida aholining ijtimoiy muammolarini o‘rganish, kambag‘allikni qisqartirish va fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilashga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va viloyat prokurori Savid Imatovlar ishtirok etishib, joylardagi haqiqiy holat bilan bevosita tanishishdi.

Uchrashuv Sirdaryo tumanidagi “Shirin” mahallasida bo‘lib o‘tdi. Mahalla hududida joylashgan ijtimoiy turar joylarda istiqomat qilayotgan fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot qilindi, ularning kundalik turmushi, yaratilgan shart-sharoitlar, bandlik, tibbiy xizmat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Shirin” mahallasida 4 560 nafar aholi istiqomat qiladi. Mehnatga layoqatli aholining aksar qismi band bo‘lib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar samarasida ijobiy natijalarga erishilgan. Xususan, 2025 yil boshida mahallada 105 ta kambag‘al oila mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yil 1 yanvar holatiga kelib, ularning soni 58 taga kamaygan.
Uchrashuv davomida ijtimoiy uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolar tibbiy xizmatdan foydalanish, dori-darmon ta’minoti, bandlik, daromad manbaini yaratish, ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam masalalari yuzasidan murojaat qilishdi.
Viloyat rahbari har bir murojaatni diqqat bilan tinglab, ularni hal etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Qonun ustuvorligi, inson qadri va ijtimoiy adolat tamoyillari asosida aholini qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom ettirilishi qayd etildi.

– Turmush o‘rtog‘im Dilnoza Ma’murova bilan 10 yildan beri shu ijtimoiy uyda istiqomat qilamiz. Ikkimiz ham 2-guruh nogironimiz, bir nafar farzandimiz bor. Men onkologik kasallik sabab oyiga ikki marta Guliston shahriga ximioterapiya olish uchun borib kelaman. Olayotgan nafaqalarimiz dori-darmon va yo‘l xarajatlariga ba’zan yetadi, ba’zan yetishmaydi. Shunday bo‘lsa-da, davlat tomonidan berilayotgan yordamni his qilib turibmiz. Bugun viloyat rahbarlarining tashrifi va muammolarimizni tinglagani biz uchun katta qo‘llab-quvvatlash bo‘ldi, – deydi mahalla aholisi vakili Mahmud Abdullayev.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari va viloyat prokurori “Shirin” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida tuman va viloyatdan kelgan mas’ullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda aholining murojaatlarini tizimli hal etish, kam daromadli va ishsiz aholini, ayniqsa yoshlarni bandlikka jalb etish, daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA