Qishloq xo‘jaligida har bir tomchi suvning hisob-kitob bilan sarflanishi yer unumdorligi, hosil barakasi va oziq-ovqat xavfsizligini belgilaydi. Shu bois bugun suv hisobida aniqlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Ana shu yondashuv asosida Jizzax viloyatida meliorativ ekspeditsiya xodimlari ishtirokida suv sarfini aniqlashga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 7 maydagi suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etishga qaratilgan Farmoni ijrosi doirasida o‘tkazildi.
Seminar Jizzax bosh zovurida bo‘lib o‘tdi. Uzunligi 68,3 kilometrni tashkil etuvchi ushbu meliorativ inshoot Paxtakor, Sharof Rashidov, Zomin va Zarbdor tumanlaridagi qariyb 25 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonlariga xizmat qiladi. Demak, bu yerdagi har bir o‘lchov, har bir hisob minglab gektar yer taqdiri bilan bog‘liq.

Prezident Farmonida suv resurslarini aniq hisobga olish, monitoringni kuchaytirish va inson omili ta’sirini kamaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Jizzaxda o‘tgan mazkur amaliy seminar aynan shu talablarning joylardagi amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tadbir davomida mutaxassislar zovur kesimini aniqlash, suv oqimi tezligini o‘lchash va olingan ko‘rsatkichlar asosida suv sarfini hisoblash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishdi. Suv oqimi tezligi maxsus “vertushka” asbobi yordamida o‘lchandi, ishtirokchilarga dala sharoitida qo‘llaniladigan “kesim va tezlik” usulining mohiyati tushuntirildi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, suv sarfini aniq hisoblash — suv yo‘qotishlarini kamaytirish, meliorativ tarmoqlarda samarali monitoringni ta’minlash va har bir kub metr suvni manzilli yetkazishning eng ishonchli yo‘lidir. Bu esa Farmonda ko‘zda tutilgan zamonaviy boshqaruv tizimining asosiy sharti hisoblanadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri