“ALFRAGANUS” universiteti o‘qituvchisi, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sevara Jumayeva tomonidan “Jurnalistika” ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabalari uchun “Televideniye va radio uchun yangilik tayyorlash (Bolalar va ekologiya mavzusi misolida)” mavzusida amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.

Mazkur mashg‘ulot yosh jurnalistlarni amaliy faoliyatga tayyorlash, ularning ijodiy tafakkurini, tahliliy yondashuvini hamda kasbiy mahoratini oshirishga qaratildi.
Tadbirda “O‘zbekiston 24” telekanali muharriri, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi matbuot kotibi Jobir Asqarov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Mirobod tuman kengashi raisi Dildora Mavlonova, shuningdek, partiyaning Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari Shahnoza Umarxo‘jayeva ishtirok etdi.
Mutaxassislar ekologiya sohasidagi dolzarb masalalar, ommaviy axborot vositalarida ekologik mavzularni yoritishning o‘ziga xos jihatlari va jurnalistning jamiyat oldidagi mas’uliyati haqida o‘z fikr va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Talabalar esa to‘rt guruhga bo‘linib, mavzuga oid yangiliklar tayyorlash jarayonining barcha bosqichlarini amaliy tarzda bajarishdi. Har bir guruh ekologik muammolarga bag‘ishlangan syujetlar yaratib, o‘z jurnalistik mahoratini namoyon etdi.
Bunday mashg‘ulotlar nafaqat talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, balki ularni ijodiy fikrlash, jamoada ishlash, tezkor axborot tayyorlash va zamonaviy media muhitida faol bo‘lish ko‘nikmalarini rivojlantirishga, eng muhimi — talabalarni kasbiy faoliyatga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
M.Hojiakbarova, O‘zA