Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amaliy ishlar o‘z samarasini bermoqda
15:18 / 2023-05-13

Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasida olib borilayotgan tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish, Sog‘liqni saqlash, Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari, dezinfeksiya stansiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari rahbarlari,  ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar qatnashdi.

Matbuot anjumanida 2023 yilda viloyat hududiga kirib kelishi xavfi bo‘lgan toshqin suvlarini betalofat o‘tkazib yuborish, o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish hamda cho‘milish mavsumida fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan amaliy tadbirlar muhokama qilindi.  

Ma’lumot o‘rnida, Buxoro viloyati hududiga Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hududidan toshqin suvlari kirib kelishi xavfi mavjud. Xavf to‘g‘risida o‘z vaqtida xabar topish va uni bartaraf etish maqsadida G‘ijduvon tumanida “Shaftoli” hamda Qorovulbozor tumanida “Sheyx” gidropostlari tashkil etilgan. Bahor yoz mavsumi davomida postlarda kunu tun navbatchilik tashkil etilgan. Postning asosiy vazifasi suv sathini nazorat qilish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfdan mahalliy hokimliklar va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasini xabardor etishdan iborat.

[gallery-11865]

Toshqin xavfi mavjud hududlarda hozirgi vaqtga qadar jami  

9 marotaba maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, kunlik profilaktika tadbirlarda ishchi guruhlar tomonidan xavf mavjud kanallar atrofida istiqomat qiladigan 27 ming 200 nafar fuqarolarga 16850 dan ortiq eslatmalar tarqatildi. Fuqarolarga xavfli hududda muhofaza hududiga o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilmalar qurmaslik hamda turli xil chiqindilar tashlab kanal o‘zanini ko‘mib tashlamaslik bo‘yicha tushuntirish va profilaktika ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, profilaktika ishlari bilan bir qatorda 320 marotabaga yaqin yog‘ingarchilik oqibatida suv to‘planadigan Buxoro shahri hamda toshqin xavfi mavjud G‘ijduvon tumanining “Oqrabot” mahalla fuqarolar yig‘inida uchrashuvlar tashkil etildi.  

Buxoro viloyatida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida viloyat sog‘liqni saqlash, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi boshqarmalari tomonidan profilaktik tadbirlar o‘tkazib turiladi. Misol uchun, viloyat hududida 2022 yilda o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq 6 ta holat va zoonoz kasalliklari bilan bog‘liq 80 ta holat qayd etilgan. Yuqumli kasalliklarni chetdan kirib kelishini oldini olish hamda  profilaktik emlash ishlarini amalga oshirish uchun dezinfeksiyalovchi vositalarning viloyat veterinariya hamda xususiy veterinariya dorixonalarida zaxiralari yaratildi.

Buxoro viloyati o‘ziga xos iqlimga ega bo‘lib, ob havo harorati may oyining o‘rtalariga kelib 35-40 daraja issiqgacha ko‘tarilishi beixtiyor aholini salqin suv havzalari bo‘yiga chorlaydi. Matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan viloyat hududidagi cho‘milishga ruxsat etilgan ochiq va yopiq suv havzalari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shu o‘rinda viloyat hududidan o‘tgan kanal, ariq va zovurlar cho‘milish uchun ruxsat etilmagan joylar bo‘lib, bu joylarda cho‘milish inson hayoti uchun juda xavfli ekanligi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, anjumanda 2021-2022 yillar davomida viloyatda suvda cho‘kish oqibatida insonlarning o‘limi bilan bog‘liq statistik ma’lumotlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, 2021 yilda jami 9 nafar, 2022 yilda esa 4 nafar fuqaro suvda cho‘kib halok bo‘lgan. Ular orasida talaba yoshlar va yosh bolalarning borligi ota – onalar, ta’lim muassasalari va ichki ishlar organlari xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklab, nazoratni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan jurnalist va blogerlar tomonidan har bir yo‘nalish bo‘yicha tegishli savollar berildi. Savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar berildi.

 

Zarif Komilov,  

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA