Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amaliy ishlar boshlandi
19:19 / 2026-02-10

Joriy yil 23 yanvar kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarni kompleks rivojlantirish, ayniqsa, ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari past bo‘lgan “qizil toifa” mahallalarni zamonaviy yondashuv asosida qayta shakllantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining Qurilish va Arxitektura fakultetlari professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 76 ta “qizil toifa”dagi mahallaga biriktirildi va amaliy ishlar boshlandi. Bu jarayonda hududlarning mavjud infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy ob’ektlar joylashuvi, yo‘l va transport tizimi, yashil hududlar hamda aholi turmush sharoiti chuqur o‘rganilmoqda.

Bu tashabbus nafaqat hududlarni obodonlashtirish va zamonaviy shaharsozlik talablari asosida qayta rejalashtirishga xizmat qilmoqda, balki talaba-yoshlar uchun ham katta amaliy maktab vazifasini o‘tamoqda. Talabalar o‘z nazariy bilimlarini aniq ob’ektlarda qo‘llash, loyiha-smeta hujjatlari bilan ishlash, hududiy tahlil o‘tkazish va zamonaviy me’moriy yechimlarni ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Shu asosda Nukus shahridagi “Samanbay” va “Yangi zamon” mahalla fuqarolar yig‘inlarida reja ishlab chiqish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar boshlandi.

Mutaxassislar va talabalar tomonidan hududning bosh rejasini shakllantirish, zamonaviy uy-joy qurilishi, ijtimoiy soha ob’ektlari, bolalar maydonchalari, sport inshootlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashuvini optimal rejalashtirish, shuningdek, muhandislik tarmoqlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.