“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati kengashining II Plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning viloyat va hududiy kengash vakillari, fraksiya a’zolari, mahalliy kengash deputatlari ishtirok etdi.
Plenumda partiya viloyat kengashining 2025 yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati tahlil qilindi hamda ikkinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda partiya a’zolari soni 69 689 nafarga yetgan. Hisobot davrida mahalliy kengash deputatlari tomonidan tegishli mutasaddilarga 102 dan ortiq deputatlik so‘rovlari yuborilgan.135 nafar mansabdor shaxs hisoboti tinglangan.

“Uyma-uy” loyihasi doirasida aniqlangan 1474 ta muammoli masala bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi. Jumladan, 123 nafar xotin-qiz va 103 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, 86 nafar xotin-qiz va 75 nafar yoshga kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga alohida e’tibor qaratildi va kelib tushgan 650 ta murojaatdan 546 tasi ijobiy hal etildi.

Mahallalar va ta’lim muassasalarida targ‘ibot tadbirlari, deputatlik uchrashuvlar, o‘quv seminarlar, kitobxonlik va savodxonlik aksiyalari, intellektual o‘yinlar, milliy qadriyatlar va tarixiy sanalarga bag‘ishlangan tadbirlar muntazam o‘tkazildi. Shuningdek, siyosatchi ayollar klubi, yoshlar tashabbuslari, ijtimoiy muammolar, erta turmush, sog‘lom turmush tarzi va oilaviy qadriyatlar mavzularidagi tadbirlar ham tashkil etildi.

Plenumda Oliy Majlis Senati a’zosi, Buxoro shahar kengashi deputati Moyira Tosheva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mahsud Muhammedov hamda Buxoro viloyati kengashi deputati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili(ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Xuseynovaning ma’ruzalari ham tinglandi.
Shuningdek, plenumda hududiy kengashlar raislari, deputatlar va partiya faollari partiyaviy loyihalar ijrosi, aholi muammolarini hal etishda samaradorlikni oshirish, boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini jonlantirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
Plenum yakunida ikkinchi yarim yillikdagi faoliyatning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.