Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi
13:52 / 2025-01-09

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Buxoro viloyati Kengashida 2024 yilda “Ayollar daftari” tizimining 5-bosqichida viloyatda amalga oshirilgan ishlar natijadorligi hamda 2025 yilda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha Buxoro viloyatiga biriktirilgan vakil, viloyat shtabi rahbari, Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari, Sh.Javlonov, viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i H.Artikova, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat Kengashi raisi M.Olimov, viloyat sektorlar rahbarlari o‘rinbosarlari, Mahallalar uyushmasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, Moliya va iqtisodiyot boshqarmasi, Markaziy bank va tijorat banklari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, tuman-shahar hokimi o‘rinbosari, Oila uchun va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlari va boshqa mas’ul boshqarmalar rahbarlari hamda tuman-shahar hokimliklarida tashkil etilgan studiyalardan hududlardagi mas’ul rahbarlar ishtirok etdi.  

Yig‘ilishda “Ayollar daftari” doirasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar toifalar kesimida tahlil qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilinib, mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.  

Jumladan, 2024 yilning o‘zida 59 mingdan ortiq xotin-qizlarga 6 ta toifa bo‘yicha viloyat hokimi rahbarligida sektorlar, mas’ul tashkilot hamda boshqarmalarni jalb etgan holda ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik yordam berildi.  

Daftarga kiritilgan 59 508 nafar xotin-qizlardan 59 167 nafarining muammolari o‘rganilib, hal etildi. Chunonchi, tegishli mas’ullarni jalb etgan holda 29 569 nafar ishsiz xotin-qizlar bandligi ta’minlandi. 4 295 nafar tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga kreditlar berildi. 11 153 nafar boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlarga bir martalik moddiy yordam mablag‘lari ajratildi, 82 nafar xotin-qizlarni uy-joyi ta’mirlab berildi. 11 715 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga bir martalik moddiy yordam mablag‘lari ajratildi. 70 nafar xotin-qizlar uy-joy bilan ta’minlandi. 119 nafar xotin-qizlarning ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi.  

Shuningdek, yig‘ilishda “Ayollar daftar”ning 6-bosqichiga start berilgani, joriy yilda joylarda ehtiyojmand xotin-qizlar bilan xonadonma-xonadon yurib, suhbatlar o‘tkazish orqali ularni qiynayotgan muammolarni aniqlash hamda “Ayollar daftari” orqali ularga manzilli yordam ko‘rsatish xususida tegishli tavsiyalar berildi.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri