Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining roli
17:59 / 2025-12-04

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Konstitutsiyaning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini yanada mustahkamlashdagi o‘rni” mavzusida parlament konferensiyasi o‘tkazildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati faol rivojlanmoqda, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash kuchaydi, davlat idoralari bilan ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklik kengaydi.  

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologiya sohasidagi huquqlari bo‘yicha qator muhim kafolatlar mustahkamlandi. Ilk marta fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilib, fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy maqomi mustahkamlandi.  

Konferensiyada so‘z olganlar kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishda mahalla institutining o‘rni haqida ham fikr bildirdi.  

Keyingi yillarda mahallalar aholiga eng yaqin va samarali fuqarolik jamiyati instituti sifatida fuqarolarning davlat organlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot maydoniga aylanayotgani qayd etildi. Mahalla “yettiligi” tizimi orqali aholiga kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasida ko‘rsatilayotgani aytib o‘tildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Rahimjon Hakimov yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari bevosita amal qiladigan normalar sifatida e’tirof etilgani, davlat organlari faoliyatida inson manfaatlarining ustuvorligi asosiy talab sifatida belgilab qo‘yilganini ta’kidladi. Har bir fuqaroning sudga, jumladan, Konstitutsiyaviy sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish huquqi kafolatlandi.

Konferensiyada Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlar instituti direktori Akrom Toshpo‘latov parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligiga to‘xtaldi. Qonun loyihalarini ishlab chiqish jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatidan unumli foydalanish maqsadida har bir qonun loyihasi uchun “jamoatchilik fikri xaritasi”ni shakllantirish taklifini bildirdi.

Shu bilan birga, parlament qo‘mitalari qoshida sohaviy ekspertlar zaxirasini shakllantirish, parlament faoliyatida chuqur ilmiy tahlilni ta’minlash maqsadida oliy ta’lim muassasalari huzuridagi Qonunchilik tahlili bo‘yicha “aql markazlari” bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish lozimligi qayd etildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA