English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amalga oshiradigan rejalar bisyor
22:27 / 2025-06-24

Bugun yurtimizda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr va issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash davlat siyosati darajasidagi muhim vazifa hisoblanadi.

Hozirda Buxoro viloyatida 76,9 mingdan ziyod xonadondan iborat bo‘lgan 2566 ta ko‘p xonadonli uylar mavjud bo‘lib, ularga 28 ta boshqaruvchi tashkilotlar hamda 16 ta uy-joy mulkdorlar shirkatlari tomonidan texnik xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Joriy yilda viloyatdagi ko‘p xonadonli uylarni 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash uchun jami 507 ta ko‘p xonadonli uy-joylarda boshqaruv servis kompaniyalarining 14,9 milliard so‘m mablag‘lari hisobidan qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. 

– Aholi turmush tarzini yaxshilash maqsadida 2025-2026 yillar davomida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun rejalashtirish ishlari olib bordik. 507 ta ko‘p xonadonli uylarni joriy hamda mukammal ta’mirlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan kuz-qish mavsumi tugashi bilan bu yilgi ishlar boshlab yuborilgan. Hozirda 60 foizga yaqin ishlar yakunlandi. Sentyabr oyining oxirgi kunlariga qadar qolgan rejadagi ishlarni ham yakunlaymiz, – deydi Buxoro viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Qo‘shmurodov. 

[gallery-24036]

Viloyatidagi jami 2 566 ta ko‘p xonadonli uylarning 1 287 tasi yoki 50 foizi markazlashgan va individual issiqlik tizimi ta’minoti hamda qolgan 804tasi yoki 32  foizi boshqa turdagi isitish tizimidan foydalanib kelmoqda. Viloyatda bugungi kunda 36 ta qozonxonalar mavjud bo‘lib, barchasi soz holatda. Issiqlik ta’minoti korxonalari tomonidan Buxoro va Kogon shaharlaridagi 736 ta ko‘p xonadonli uy-joylar va 327 ta ijtimoiy soha va boshqa ma’muriy ob’ektlarga markazlashgan issiqlik energiyasi va issiq suv yetkazib berilmoqda. Korxonalar tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uni o‘tkazish maqsadida 10,8 km issiqlik tarmoqlari, 9 ta qozonlar, 20 ta nasos uskunalarini mukammal va joriy ta’mirlash, 12 km issiqlik qoplamalarni yangilash rejalashtirilgan. 

Prezidentimizning 2024 yil 24 dekabrdagi “2025-2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Buxoro shahridagi “Sharq-2” qozonxonasini yangidan modernizatsiya va rekonstruksiya qilish loyihalari amalga oshiriladi. Ushbu loyihalarni amalga oshirishda 25,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Hozirda bu jarayonlarni amalga oshirishda energotejamkor texnologiyalardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan. 

Viloyatda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yuqori suratlarda amalga oshirilmoqda. Mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida kommunal sohaga daxldor xizmatlarning ish sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan. Mavsumga tayyorgarlik borasida olib borilgan tizimli ishlar natijasida aholini issiqlik hamda elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlashda mavjud muammolarni bartaraf qilishga hamda bu borada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olishga, eng muhimi, xalqni tizimdan rozi qilishga erishiladi. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.