Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amaldagi jahon chempioni Argentina termasi o‘zbekistonlik futzalchilarni jiddiy raqib sifatida ko‘ryapti
19:24 / 2021-02-01

Xabaringiz bor, 2 va 23 fevral kunlari poytaxtimizda futzal bo‘yicha O‘zbekiston va Argentina terma jamoalari o‘rtasida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkaziladi. Anashu o‘yinlar oldidan bugun "Hilton" mehmonxonasida terma jamoalari bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda mamlakatimiz termasi bosh murabbiyi Bahodir Ahmedov asosiy e’tiborni 2016 yilgi jahon chempionatiga nisbatan ayni paytda tarkib sezilarli ravishda yoshartirilganligi, shu yoshlarni jahon chempionati oldidan sinab olish, tajribasini yanada oshirish maqsadida dunyoning ayni paytdagi eng kuchli termasi bilan kuch sinashish, bundan tashqari butun dunyoda hukm surgan pandemiya sharoitiga qaramay mamlakatimiz futboli mutasaddilari Marokash, Eron kabi futzali rivojlangan terma jamoalariga qarshi maydonga tushishga imkoniyat yaratib berganligi uchun O‘FAga minnatdorlik bildirishga qaratdi.

Argentina termasi bosh murabbiyi Matias Raul Osiyo qit’asining eng kuchli terma jamoalaridan biri bilan bahslashayotganligidan, ikkita uchrashuvning o‘ziyoq argentinaliklarning Livanda o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik vazifasini bajara olishidan mamnun ekanligini bildirdi. Qolaversa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z o‘yin uslubiga ega ekanligi, jamoaning texnik va taktikasida avval faoliyat olib borgan ispaniyalik murabbiyning izi borligini, raqib jamoa ham Kolumbiyadagi jahon chempionatida ishtirok etganligi, darajasi ham shunga mos ravishda baland ekanligini ta’kidlab, agar O‘zbekiston safarining foydali tomonini ko‘rmaganida taklifni qabul qilmagan bo‘lishligini ta’kidladi.

B.Ahmedov shogirdlarining orasida avvalgi mundialda ishtirok etganlardan Dilshod Rahmatov, Davron Choriyev, Javlon Anorov, Rustam Umarov va Ilhom Aliboyev bu gal ham tarkibga kiritilganligini, qolganlarning barchasi yoshlar ekanligiyu, mana shunday uchrashuvlarda ularni ko‘rikdan o‘tkazmasa yana qachon tekshirish imkoni bo‘lishini gapirdi. Raqibning imkoniyatlari haqidagi savolga esa Argentina maydonda shoshmasligini, har qanday natijada ham sabr bilan oxiriga qadar xotirjam o‘ynay olishini, o‘yinni yaxshi nazorat qilishlarini, murabbiyning ko‘rsatmalarini to‘liq bajarishga intilishlariyu, tartibga qat’iy amal qilishlariga urg‘u berdi.

Matias Raul Lyusyuks mahalliy jurnalistlar savollariga batafsil javob berishdan erinmadi. Pandemiya Argentinada ham hukm surganligini, chempionat yetti oy «dam olganligini», shunga qaramay baribir yakunda chempionatni oxiriga yetkazishganligini, O‘zbekistonning Eronga qarshi o‘tkazgan ikki uchrashuvini ko‘rib, tahlil qilganligini, o‘zbekistonliklar himoya va hujumda juda ham tajovuzkor o‘ynashlarini, bir so‘z bilan aytganda, raqibning texnik va taktik harakatlari o‘zlarinikiga o‘xshab ketishini va bu holat uni mamnun qilayotganligini ta’kidladi.

Oybek YUNUSOV, Muhammad AMIN (surat), O‘zA