Nukusda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Kengashining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev so‘zga chiqib, konferensiya ishtirokchilarini qutladi.

So‘ng O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Kengashining 2020-2025 yillardagi ishlari to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi va kasaba uyushma tashkilotlarining kelgusidagi vazifalari belgilab olindi.

Ta’kidlanganidek, konferensiya O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubiley yilida o‘tkazilmoqda. 120 yil bu juda muhim sana, shuningdek, bu yutuq va muvaffaqiyatlarni muhokama qilish, qilingan ishlar natijalarini baholash va oldinda turgan vazifalarni belgilab olishga imkon beradigan yaxshi sababdir.
O‘zbekiston kasaba uyushmalarining tarixiy yo‘li o‘z ichiga mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish, mehnatkashlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish, kasaba uyushma a’zoligiga jalb qilish va uni saqlab qolish, ijtimoiy sheriklar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jamoa shartnomalari orqali kasaba uyushmalari a’zolarining mehnat manfaatlari va huquqlarini ta’minlash va keyingi yillarda hatto sud orqali himoya qilish faoliyatini qamrab oldi.

Ayniqsa, Prezidentimizning 2020 yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalarining VIII Qurultoyiga yo‘llagan tabrigi va Qurultoy o‘tkazilayotgan sana - 11 noyabrni "Kasaba uyushmalari kuni" deb belgilash taklifi berilgani O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixida alohida o‘rin tutadi. Bu o‘z navbatida, kasaba uyushma tashkilotlariga o‘z faoliyatini yanada kuchaytirishga imkoniyat yaratdi va katta turtki bo‘ldi.

O‘tgan hisobot davrida kasaba uyushmalari respublikamizdagi eng yirik fuqarolik jamiyati institutlaridan biri sifatida ushbu yo‘nalishda ijtimoiy sheriklik tamoyillari asosida faoliyat yuritib, katta yutuqlarga erishgani, shu bilan birga, kasaba uyushmalari hukumatimizning eng yaqin hamkori va ishonchli sherigi sifatida mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlarida katta hissa qo‘shib kelayotganligi haqida so‘z yuritildi.
Hisobot davrida kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan ish haqi, pensiya, stipendiya, majburiy va kompensatsiya to‘lovlarining o‘z vaqtida to‘lanishini amalga oshirish bo‘yicha olib borilgan monitoring tahlili ish haqidan qarzdorlikni bartaraf etish masalalari bo‘yicha ish beruvchilarga 11 marta, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga 4 marta rasmiy talabnomalar qo‘yildi va natijada 21 mlrd. 959 million so‘mdan ortiq muddati o‘tgan qarzdorliklar undirildi.
O‘tgan hisobot davridan boshlab bugungi kunga qadar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashiga yuridik va jismoniy shaxslardan jami 2 ming 541 murojaat, shundan 1 ming 456 yozma, 916 og‘zaki, 77 elektron, 92 ishonch telefoni orqali murojaat kelib tushdi. Bu o‘tgan hisobot davri bilan solishtirilganda qariyb 50 foizga ko‘payganligidan dalolat beradi. Hisobot davrida 729 ta murojaat kasaba uyushmalarining takliflari va sudlarda ko‘rib chiqilishi bilan to‘liq qanoatlantirildi. 1 ming 680 murojaat egasiga mehnat huquqlari bo‘yicha tushuntirishlar berildi. 61 ta murojaat tegishlicha boshqa vakolatli organlarga yuborildi. Ushbu murojaatlar bilan ishlash davomida 6 milliard 157 million 49 ming 929 so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kompensatsiyalar, ma’naviy zararlar murojaat etuvchilarning foydasiga undirib berildi.
2020-2025 yillar davomida mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha 25 ming 685 ta chora-tadbir belgilanib, shundan 14 ming 721 ta chora-tadbir bajarilgan. Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlarning bajarilishiga ishlovchilarga mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq jarohatlanish, kasb kasalliklariga chalinishi yoki sog‘lig‘ining boshqa turli shikastlanishi oqibatida yetkazilgan zararni ish beruvchi tomonidan o‘z vaqtida to‘liq qoplanishi yuzasidan kelib chiqqan nizolar masalasida 67 ta murojaat kelib tushib, mutaxassislar ishtirokida sud jarayonlarida jami 3 milliard 925 million so‘m mablag‘ undirib berildi.
Xalqimiz ma’naviyatini yuksak bosqichga ko‘tarish, Yangi O‘zbekiston strategiyasini mehnatkashlar orasida keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tgan hisobot davrida 10 ming 517 ta korxona, muassasa va tashkilotlarda "Ma’rifat soatlari" o‘tkazilib, ularda 991 ming 844 nafar ishchi-xodim ishtirok etdi. O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston respublikalari hududidagi tarixiy joylarga 54 ming 109 nafar xodimlar va ularning oila a’zolarining sayohatlari tashkil etildi.
Qoraqalpog‘istonda kasaba uyushmalari o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri kasaba uyushmasi a’zolarini sog‘lomlashtirish, ular o‘rtasida ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazish va ularning sport bilan shug‘ullanishlari uchun shart-sharoitlar yaratishda faollik ko‘rsatib kelmoqda. O‘tgan yillar davomida barcha bo‘g‘indagi kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan 2 ming 160 ta sport musobaqasi o‘tkazilib, ularga 203 ming 286 nafar ishchi xodim ishtiroki ta’minlandi. Shu bilan birga, sanatoriylarda ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi yo‘llanmalari hisobidan 5 ming 995 nafar ishchi-xodim, shundan 1103 nafar ishchi-xodim bepul hamda bugungi kunda tasdiqlangan tartib-qoidalarga muvofiq, birlamchi tashkilotlarda yig‘ilgan a’zolik badallarining 10 foizi hisobidan kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan 6914 nafar ishchi-xodim va ularning oila a’zolari sog‘lomlashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasida berilgan topshiriqlari va 2020 yil 8 oktyabrdagi "Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda uchrayotgan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 73-sonli majlis bayonnomasining 103-bandiga muvofiq, O‘zbekiston kasaba uyushmalari tomonidan Bo‘zatov tumanida 2021 yilda sanatoriy qurish bo‘yicha vazifa belgilangan bo‘lib, sanatoriyning poydevori 2023 yil 10 mart kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi rahbarlari tomonidan qo‘yilgan. Yaqin orada zamonaviy sanatoriy qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshiriladi.
Qoraqalpog‘istonda "Ayollar daftari" ro‘yxatining 5 bosqichida jami 215 ming 91 xotin-qizlarning muammolari hal etildi va bu maqsadlarga jami 308 milliard 627 mlillion 7 ming so‘m sarflandi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan "Ayollar daftari" doirasida daftarga kiritilgan 5816 nafar xotin-qizning yurtimizdagi diqqatga sazovor, tarixiy joylariga sayohatlari tashkil etildi. “Hech kim mehr-e’tibordan chetda qolmasin”, “Kasaba uyushmalari – bolalarga”, “Kasaba uyushmalari - xotin-qizlarga”, “Kasaba uyushmalari – yoshlarga”, “Vatan o‘z fidoyilarini yod etadi”, “O‘zbekistonda hech kim mehr-e’tibordan chetda qolmaydi” aksiyalari o‘tkazilib, respublikada joylashgan Bolalar mehribonlik uylari, Nogironlar uylari, harbiy qismlar, maktab-internat tarbiyalanuvchilari, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan oilalar, yetim o‘quvchilar, urush qatnashchilari va nogironlariga homiylik muruvvat yordami ko‘rsatildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi huzuridagi Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish departamenti faoliyati bilan oromgohlar.uz innovatsion onlayn-platformasi ishga tushirildi.
Konferensiyada O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi Taftish komissiyasining hisoboti tinglandi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Kengashining hisobot davridagi ishlari qoniqarli deb topildi va kelgusidagi vazifalari belgilab olindi.
Delegatlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Kengashining raisi va uning o‘rinbosarini sayladi. Saylov natijalariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Kengashining raisi lavozimiga Ulug‘bek Jalmenov va uning o‘rinbosari lavozimiga Muratbay Daniyarovlar hamda ijroiya qo‘mitasi, taftish komissiyasining a’zolari va raisi saylandi. Shu bilan birga, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyiga delegatlar saylandi. Bosh kengash tarkibiga vakillar ham tasdiqlandi.
Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Q. Rafiqov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA