AQSH va RF prezidentlari Alyaskaning Ankorij shahridagi harbiy bazada yuzma-yuz suhbatlashishga yaqin turibdi. Mazkur uchrashuv Rossiya va Ukraina ziddiyatini muhokama qilishga bag‘ishlanadi, biroq joy tanlovi amaliy va ramziy ma’noga ega, deb yozmoqda “Euronews” nashri.
Ma’lumki, Rossiya imperiyasi 1867 yilda Alyaskani AQSHga 7,2 million dollar evaziga sotgan. Bu qaror Qrim urushi (1853–1856) natijasidagi katta qarzlarni to‘lashga yordam berish maqsadida qabul qilingan. O‘sha davrda Alyaska Kreml uchun iqtisodiy jihatdan muhim hudud hisoblanmagan. 1949 yilda esa Alyaska Qo‘shma Shtatlarning 49-shtati sifatida e’lon qilindi.

Putin Ankorijga tashrif buyurgan birinchi rus yetakchisi bo‘ladi. Ankorij RF hududiga juda yaqin — Alyaska materigi va Rossiya orasidagi masofa atigi 90 km. Bering bo‘g‘ozida esa kichik Diomede oroli (AQSH) va katta Diomede oroli (Rossiya) orasidagi masofa 4 km dan kam.
Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Alyaskani qaytarib olishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi mish-mishlar tarqalgan. Ayrim foydalanuvchilar 2022 yilda Rossiya Oliy sudi go‘yoki 1867 yilgi savdo bitimini bekor qilganini iddao qilmoqda, biroq hech qanday rasmiy hujjat bu da’voni tasdiqlamaydi.
Musulmon Ziyo, O‘zA