Olimlar alsgeymer kasalligida xotira susayishini sekinlashtirishga yordam berishi mumkin bo‘lgan yangi mexanizmni aniqladi. Gap shundaki, Nyu-Yorkdagi “Cold Spring Harbor” laboratoriyasi tadqiqotchilariga ko‘ra, “PTP1B” deb ataladigan ferment ushbu kasallik jarayonida muhim rol o‘ynaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, “PTP1B” fermenti faol bo‘lganda miya xotira va tafakkurga zarar yetkazuvchi jarayonlarni tezlashtiradi. Olimlar mazkur faollik kamaytirilganda, miyaning himoya hujayralari — mikroglialar yanada samarali ishlay boshlaganini aniqladi. Aynan shu hujayralar alsgeymerga xos bo‘lgan qismni tozalashga mas’ul.
Kasallik kuchaygani sari mikroglialar “charchab”, o‘z vazifasini bajara olmay qoladi. Tadqiqot mualliflaridan biri Yuxin Senning aytishicha, “PTP1B”ni cheklash bu hujayralarning faoliyatini tiklab, miya to‘qimasini zararli oqsil yig‘ilmalaridan tozalashga yordam beradi.

“PTP1B” avvalroq semizlik va 2-tur qandli diabet kabi kasalliklar bilan bog‘langan edi. Bu holatlar ham alsgeymer xavfini oshiruvchi omillar sifatida tanilgan. Endi esa ushbu fermentga ta’sir qiluvchi dori vositalari miya kasalliklari uchun ham istiqbolli yo‘nalish sifatida ko‘rilmoqda.
Olimlar kelajakda alsgeymer davosida mavjud dori-darmonlarni “PTP1B” muolajasi bilan birgalikda qo‘llash mumkinligini aytmoqda. Maqsad kasallik rivojlanishini sekinlashtirib, bemorlarning hayot sifatini yaxshilash.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 55 milliondan ortiq odam ushbu turdagi kasalliklar bilan yashaydi va ularning qariyb 70 foizida alsgeymer aniqlangan. Tadqiqot muallifi Nikolas Tonks bu kasallikni “xotirani asta-sekin yo‘qotish” deb atadi. Yangi topilmalar esa aynan shu yo‘qotishni sekinlashtirishga umid uyg‘otmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA