Shunday asarlar borki, qancha vaqt o‘tsa-da, badiiy qiymatini, ahamiyatini yo‘qotmaydi. U kishi qalbida bir umrga muhrlanib qoladi. O‘zbekiston xalq shoiri, dramaturg Usmon Azim qalamiga mansub "Alpomishning qaytishi" dramasi asosida sahnalashtirilgan spektakl esa ana shanday umrboqiy asarlardan biriga aylanmoqda.
Mazkur spektakl taniqli rejissyor, O‘zbekiston xalq artisti Valixon Umarov tomonidan Muqimiy teatrida sahnalashtirilgan bo‘lib, katta muvaffaqiyat qozongani, xususan, Qozog‘iston Respublikasining Qizilo‘rda shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro festivalda "Gran-pri" mukofotiga sazovor bo‘lgani bejiz emas.
Kuni kecha Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida ushbu asarning yangi premerasi bo‘lib o‘tdi.


Mazkur asar rejissyor Valixon Umarov tomonidan yangicha talqinda sahnalashtirilgani bilan e’tiborli. Bosh qahramon, ya’ni Alpomish obrazini iste’dodli yosh aktyor Shuhrat Abdurahmonov, Oybarchin obrazini Mehridilbonu Ergasheva, shuningdek, Qultoy, Boybo‘ri, Kuntug‘mishbeka, Haqqul baxshi, Qorajon, Ultontoz va boshqa rollarni teatrning yetakchi aktyorlari Ibrohim Qosimov, Sherzod Kattaboboyev, Ra’no Hayitova, Shuhrat Abdullayev, Behzod Mirsaidov, Ulug‘bek Ahmedov va boshqa aktyor-aktrisalar mahorat bilan ijro etishgan. Sahna bezaklari, musiqalar va liboslar spektakl mohiyati va voqealarga uyg‘unligi bilan e’tiborni tortadi.


"Alpomishning qaytishi" premerasida asar muallifi Usmon Azim, rejissyor Valixon Umarov ham ishtirok etishdi.
–Haqiqatan ham chin ma’noda ajoyib asar yaratilganining guvohi bo‘ldik, – deydi sardobalik teatr muxlisi Suyun Namozov. – "Alpomishning qaytishi" spektakli tugashi hamono zal larzaga keldi, tomoshabinlar o‘rinlaridan gurra turib, gulduros qarsaklar bilan ijodkorlarni uzoq vaqt olqishlab turishdi. "Barakalla!", "Ofarin!", "Bravo!" degan hayqiriqlar bot-bot yangraganini aytmaysizmi?! Asar mualliflariga va barcha ijrochilarga o‘z samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz.


Xullas, toshkentlik va sirdaryolik iste’dodli aktyorlar tomonidan ijro etilgan baxshiyona ohang va aytuvlar hamohangligidagi sahna ko‘rinishlari har bir tomoshabinning ko‘nglidan chuqur joy oldi. Ushbu asar orqali rejissyor, aktyorlar o‘z iqtidor va mahoratini yana bir bor namoyish etib, tomoshabinlar, ya’ni teatr ixlosmandlarining e’tiboriga sazovor bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri