Aloqa va axborotlashtirish xizmatlari zamonaviy iqtisodiyotning eng o‘sib borayotgan tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Raqamli texnologiyalar, internet xizmatlari va kommunikatsiya vositalarining kengayishi jamiyat hayotining barcha sohalarida o‘z aksini topmoqda. 2025 yilning birinchi yarmida Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikada aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 41,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,9 foizga o‘sib, sohaning sezilarli darajada rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Hududlar kesimida esa ushbu xizmatlarning hajmi va o‘sish sur’ati turlicha bo‘lib, ayrim hududlar raqamli iqtisodiyotda muhim rol o‘ynamoqda. Toshkent shahri ushbu tarmoqda yetakchilik qilmoqda. U yerda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 29 trillion 944,2 milliard so‘mga yetgan. Shuningdek, Farg‘ona viloyati – 1 trillion 518,7 milliard so‘m, Samarqand – 1 trillion 473,7 milliard so‘m va Toshkent viloyati – 1 trillion 376,6 milliard so‘m bilan sohada katta faollik ko‘rsatmoqda.

Ushbu ko‘rsatkichlar raqamli xizmatlar tarmog‘ining rivojlanish darajasini, aholi va biznesning raqamli texnologiyalarga bo‘lgan talabini aks ettiradi. Bu ma’lumotlar asosida aloqa va axborotlashtirish xizmatlarining iqtisodiyotdagi o‘rni, hududlar farqlari va istiqbolli yo‘nalishlari haqida yanada chuqurroq tahlil olib borish mumkin.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA