Yurtimizda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun maktablarda inklyuziv ta’lim va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishga e’tibor qaratilmoqda.
Bunda davlatimiz rahbarining 2020 yil 13 oktyabrdagi “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini bajarmoqda.
Ma’lumki, inklyuziv ta’limning maqsadi – alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar uchun maktabda maxsus vosita va metodlarni qo‘llash orqali maxsus pedagoglarni jalb etgan holda to‘siqsiz moslashtirilgan ta’lim muhitini yaratish, ularning jamiyatga samarali moslashuvi hamda to‘laqonli uyg‘unlashuviga xizmat qiladigan sifatli umumiy o‘rta ta’lim berishni ta’minlashdir.

Bugungi kunda Navoiy viloyatida 30 ta maktabda 80 nafar bola inklyuziv sinflarda tahsil olib kelishmoqda. Inklyuziv ta’lim sinflaridagi o‘quvchilarga individual ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishga yordam ko‘rsatish maxsus pedagoglar va tyutorlar, ya’ni yordamchi pedagog xodimlar tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda. Har bir inklyuziv ta’lim sinflari ochilgan maktab uchun alohida maxsus pedagog shtat birliklari ajratilgan. Bundan tashqari, 11 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida inklyuziv guruhlar tashkil etilib, bolalar psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya ko‘rigi natijalariga ko‘ra jalb etilmoqda.

- Yurtimizda har bir bola uchun teng imkoniyatlar yaratish, uning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, o‘quv jarayoniga jalb qilish eng muhim maqsadlardan biriga aylangan, - deydi Karmana tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi rahbari Sanjar Quvondiqov. - Inklyuziv ta’limda har bir bola o‘ziga mos o‘quv rejasi va usullari bilan ta’lim oladi. Bu yerda STEAM ta’limi alohida o‘rin tutadi. Ushbu yondashuv nafaqat ilm-fan va texnologiyani o‘rgatishni, balki san’at va ijodiy yondashuvni ham o‘z ichiga oladi. Bu esa o‘quvchilarning o‘z fikrlarini erkin ifoda etishiga yordam beradi. STEAM metodikasi o‘quvchilarning individual ehtiyojlarini inobatga olgan holda, turli xil o‘qitish usullarini taklif etadi. Misol uchun, eshitish qobiliyati cheklangan o‘quvchilar uchun vizual materiallar, ko‘rgazmali tajribalar va texnologik vositalardan foydalanish mumkin. Bugungi kunda dunyo mamlakatlarida STEAM ta’limini o‘qitishga katta e’tibor qaratilmoqda. STEAM darslari ko‘pincha guruhlarga bo‘lingan holda olib boriladi. Bu o‘quvchilarni bir-birlari bilan ishlash, muammolarni jamoa tarzida hal qilishni o‘rgatadi. Har bir o‘quvchi jamoaning muvaffaqiyatiga hissa qo‘shadi, bu esa nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarni jamoaga integratsiyalashish imkoniyatini beradi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi Inklyuziv ta’limni rivojlantirish va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarini muvofiqlashtirish sho‘’basi tomonidan barcha inklyuziv sinflar tashkil etilgan maktablarda bolalar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganilib, zaruriy tavsiyalar berib borilmoqda.

2025 yil mart oyida o‘tkazilgan psixologik-tibbiy-pedagogik ko‘rik natijasiga ko‘ra, maxsus ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan 7 nafar bola sog‘ligining holati yaxshilanganligi sababli umumta’lim maktablardagi inklyuzif sinflarda o‘qish uchun tavsiya etilgan bo‘lsa, 8 nafar bola esa o‘z hududidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida joylashgan inklyuziv guruhlarda tarbiyalanishlari uchun yuborilgan.
2025-2026 o‘quv yilida esa viloyat bo‘yicha 45 ta maktabda inklyuziv sinf tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning jamiyatga moslashishi uchun xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri