Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Alohida e’tiborga muhtoj bolalar ham ta’lim olishga haqlidir" – Shahnoza Mirziyoyeva
16:51 / 2022-11-15

Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Shahnoza Mirziyoyeva «Imkon» markazi va ushbu muassasaning imkoniyati cheklangan bolalar hayotida qanchalik ahamiyat kasb etishi haqida so‘z yuritdi.

Markaz faoliyati va bu yerda bolalarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, erishilayotgan natijalarni 6 yoshli Dina Kanibekova misolida gapirib berdi.

– Bu shiringina qizaloq bilan tanishganimizda, u tengdoshlari va boshqa bolalar qatori harakatlanish, yugurish, sakrab yurish baxtidan mahrum edi, – dedi Sh.Mirziyoyeva. – Dina yaxshi gapira olmasdi va deyarli eshitmas ham edi. Tasavvur qilib ko‘ring-a, u o‘z onasining ovozini eshita olmas edi. Uyidan o‘zi mustaqil chiqa olmas edi. Dinaning hayoti ma’yus, g‘am va zulmat ichida o‘tardi. 4 yildan ko‘proq vaqt davomida qizaloq asosan o‘z xonasi devorlari, shiftini ko‘rar edi, xolos.

Darhaqiqat, ko‘p hollarda ota-onalar o‘zlarida kuch va imkon topa olmaganligi sababli alohida e’tiborga muhtoj bolajonlar nazardan chetda qolib ketadi. Dina ham ko‘zdan yiroqda bo‘lgan. Uning tashxisi bolalar miyasi yarim falaji, ikki tomonlama neyrosensor eshitish qobiliyati pastligining 3-4-darajasi bo‘lgan. Bundan bir yilcha oldin Dinaning hayotida keskin o‘zgarish ro‘y berdi. Dina «Imkon» markaziga olib kelindi.

– «Imkon» bu ta’lim bilan reabilitatsiya birlashgan maskan. «Imkon» – imkoniyati cheklangan bolalarning normal hayot kechirishi uchun najotdir, – deydi Sh.Mirziyoyeva. – Bu yerda yugurish, o‘ynash, yangi marralarni zabt etish, ta’lim olish va yangi do‘stlar orttirish mumkin. «Imkon», bu – kelajakda alohida e’tiborga muhtoj bolalar uchun ta’lim qanday bo‘lishiga bizning munosabatimizdir.

Dina ham bu yerda maxsus pedagoglar, tarbiyachilar, terapevtik mashqlar bo‘yicha instruktorlar, shifokorlarning birgalikdagi harakatlari tufayli ajoyib natijalarga erishdi. U qoshiqni ushlab ovqat yeyishni, emaklashni, o‘tirishni o‘rgandi. Birinchi mustaqil qadamlarini tashladi. O‘rnatilgan eshitish moslamalari yordamida eshita boshladi. Surdologlar bilan olib borilayotgan mashg‘ulotlar esa unga tushunish va gapirishga yordam beryapti.

– 4 yil oldin ilk bora «Imkon» markazlari konsepsiyasi ustida ish boshlaganimizda, biz aynan shunday natijalarni orzu qilgandik, – dedi Sh.Mirziyoyeva. – Jajji Dina kabi bolalar talaygina. Endi biz jajji qahramonlarimiz yutuqlari bilan har kuni o‘rtoqlasha olamiz. Bugun sizga murojaat qilar ekanman, fursatdan foydalanib imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash va tarbiyalash shunchaki ehtiyojmasligiga butun dunyo e’tiborini qaratmoqchiman. Bu masala oddiy holga aylanishi lozim. Alohida e’tiborga muhtoj bolalar ham ta’lim olishga haqlidir. Ko‘rib turganingizdek, bolajonlarga yorqin kelajak yaratish maqsadida ta’lim va reabilitatsiyani birlashtirdik. Har bir yutuq ortida ahil jamoaning katta mehnati yotibdi. Bularning barchasi mutlaqo bepul. Bunday yordam olish huquqi davlat tomonidan ta’minlanadi. Biz bolaning iqtidorini kashf etamiz, ko‘nikmalarini rivojlantirib, uni kelajak hayotga tayyorlaymiz. Qo‘lchasidan mahkam ushlab, ilk qadamlarini bosishiga, do‘stlari bilan ilk o‘yiniga, birinchi she’rlarni yodlashiga va shunchaki bola bo‘lish baxtini his etishiga imkon yaratib beramiz. Men ishonamanki, bugungi kundagi imkon bir kun kelib baxtli bolalik uchun kurashgan yuzlab, minglab bolajonlar haqidagi hikoyalari manbaiga aylanadi. Ushbu hikoyalar sababchilari esa sodiq va mehribon ustozlar hamda shifokorlar bo‘lishiga aminman.

Mohigul Qosimova yozib oldi, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA