Qaror va ijro
Ilm – hayot tayanchi, ma’naviyatning asosi sanaladi. Ilm bilan ulg‘aygan, tafakkuri yuksalgan inson yurt taraqqiyotiga daxldor ekanini his etib yashaydi. Shu bois mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyat kelajagini belgilovchi strategik yo‘nalish sifatida e’tirof etilmoqda.
Ayniqsa, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bu boradagi sa’y-harakatlarning insonparvarlik mohiyatini yanada yaqqol namoyon etadi.
Bugun maktablarda inklyuziv ta’lim tizimi va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar faoliyatining yo‘lga qo‘yilayotgani har bir bolaning jamiyatda teng huquqli ta’lim olishiga xizmat qilmoqda. Bu jarayon shunchaki yangi ta’lim shaklini joriy etish emas, balki jamiyat ongida “har bir bola qadrlidir” degan g‘oyani mustahkamlashdir.
Bu boradagi muhim huquqiy asoslardan biri Hukumatning 2021-yil 12-oktabrda qabul qilingan “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroridir.
Mazkur hujjat alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning sifatli ta’lim olishi, ularning jamiyatga integratsiyalashuvi hamda pedagogik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini belgilab berdi. Eng muhimi, bu qaror orqali maxsus ta’lim tizimi aniq me’yoriy asosga ega bo‘ldi.
Qog‘ozdagi qaror va dasturlar amaliyotga tatbiq etilganda o‘z samarasini beradi. Inklyuziv va maxsus ta’lim tizimining muvaffaqiyati, avvalo, uni hayotga tatbiq etayotgan insonlarning sabr-toqati, kasbiy mahorati va mehriga bog‘liq.
Misol uchun, har tong maktab eshigidan kirar ekanman, oddiy ish joyimga emas, balki mehr va sabr sinovidan o‘tadigan maskanga qadam qo‘yayotganimni his qilaman. Darhaqiqat, maxsus maktab – bu alohida e’tibor, alohida yurak va alohida mas’uliyat talab qiladigan dargoh.
Bolalarning ko‘zlariga boqaman. Ularning nigohida beg‘uborlik, ishonch va umid mujassam. Kimdir hali to‘liq gapira olmaydi, kimdir mustaqil harakat qilishni o‘rganmoqda, yana kimdir oddiy salomlashishni endigina uddalayapti. Ammo har bir kichik qadam biz uchun ulkan yutuqdir.
Kun ertalabki suhbatdan boshlanadi. Bolalarga nafaqat savod va bilim, balki hayotiy ko‘nikmalarni o‘rgatish asosiy vazifamiz sanaladi. O‘zini tutish, navbat kutish, rahmat aytish, buyumlarini tartibga qo‘yish – bular oddiy ko‘nikmadek tuyulishi mumkin. Ammo alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bola uchun bu bosqichlar mustaqil hayot sari tashlangan muhim qadamlardir.
Ba’zan birgina so‘zni to‘g‘ri talaffuz qilish uchun haftalar ketadi. Ba’zan oddiy tugmani taqish katta mehnat talab qiladi. Ammo o‘sha kichik muvaffaqiyatni ko‘rganimda barcha charchoqlar unutiladi. Chunki bu nafaqat bola, balki jamiyatning ham g‘alabasidir.
Inklyuziv ta’lim faqat maxsus ehtiyojli bolalar uchun yaratilgan sharoit emas. U sog‘lom tengdoshlari uchun ham bag‘rikenglik, hamdardlik va ijtimoiy mas’uliyat maktabidir. Bir sinfda turli imkoniyatga ega bolalarning birga o‘qishi kelajak jamiyatining tolerant va mehribon bo‘lishiga zamin yaratadi.
Bugungi islohotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar shunchaki infratuzilma yoki o‘quv dasturlarini yangilash bilangina cheklanmayapti. Asosiy e’tibor inson qadrini ulug‘lash, har bir bolaning imkoniyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilmoqda.
Zero, ilmga eltuvchi yo‘l hammaga birdek ochiq bo‘lgan jamiyatgina chin ma’noda taraqqiy etadi. Inklyuziv ta’lim esa ana shu adolatli jamiyat sari qo‘yilgan qat’iy qadamdir.
Feruza ISMOILOVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Xo‘jayli tumanidagi ixtisoslashtirilgan
maktab-internati tarbiyachisi.
O‘zA