Bugunda Bekobod shahrida joylashgan 11-ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar tarbiyasi va rivoji yo‘lida samarali faoliyat yuritmoqda. Muassasa 1977 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan muhim ijtimoiy maskanlardan biridir.
Tashkilot binosi 280 o‘ringa mo‘ljallangan va unda 12 ta guruh faoliyat yuritishi rejalashtirilgan. 9 ta guruhda 118 nafar tarbiyalanuvchi muntazam ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularda bolalarning individual imkoniyatlari va ehtiyojlari inobatga olingan holda maxsus dasturlar asosida mashg‘ulotlar olib boriladi.

Bundan tashqari, muassasada psixik va nutqiy rivojlanishida kechikishi (F83) bo‘lgan bolalar uchun 6 ta guruh, yengil darajadagi aqli zaiflik (F71) bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan bolalar uchun 1 ta guruh, bolalar serebral falaji bilan kasallangan tarbiyalanuvchilar uchun 1 ta guruh hamda murakkab nuqsonli bolalar uchun 1 ta maxsus guruh faoliyat yuritadi.

Mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti nafaqat Bekobod shahriga, balki Bekobod tumaniga ham xizmat ko‘rsatadi. Ushbu hududlardan umumiy hisobda nogironligi bo‘lgan tarbiyalanuvchi bolalar soni 45 nafarni tashkil etadi. Tashkilotda 86 nafar ishchi-xodim bo‘lib, ularning 47 nafari pedagoglar, 30 nafari o‘rta maxsus, 17 nafari oliy ma’lumotga ega. Shuningdek, 13 nafar II toifali va 2 nafar I toifali pedagoglar o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilmoqda.

Muhimi, bu muassasada nafaqat ta’lim-tarbiya, balki bolalar salomatligini yaxshilashga qaratilgan tizimli ishlar ham olib boriladi. Sog‘lomlashtiruvchi mashg‘ulotlar, harakatli o‘yinlar, davolovchi jismoniy tarbiya, psixologik qo‘llab-quvvatlash hamda individual rivojlantiruvchi mashqlar orqali tarbiyalanuvchilarning jismoniy va ruhiy holatini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa bolalarning kundalik faoliyatga moslashuvi va rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Muassasada tarbiyalanuvchilarning keyingi ta’lim bosqichiga puxta tayyorlanishiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, 2025 yilda 22 nafar tarbiyalanuvchi maktab ta’limiga yo‘naltirildi. Ulardan 7 nafari umumiy o‘rta ta’lim maktablariga, 3 nafari inklyuziv ta’lim shakliga, qolganlari esa maktab-internatlarga yuborildi. 2026 yilda esa 29 nafar tarbiyalanuvchini maktab ta’limiga yo‘naltirish rejalashtirilgan.


– Bizning eng asosiy vazifamiz har bir bolaning imkoniyatini ochish, ularning sog‘lig‘ini mustahkamlash, ishonch berish va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishdir. Bu yo‘lda pedagoglarimiz mehr va mas’uliyat bilan faoliyat olib bormoqda. Muhimi, jamoa alohida e’tiborga muhtoj bolalarning jamiyatga moslashuvi, bilim va hayotiy ko‘nikmalarini shakllantirish bilan birga, ularning sog‘lom rivojlanishiga xizmat qilayotgan muhim maskan sifatida faoliyat yuritmoqda, – deydi muassasa direktori Gulsara Yo‘ldosheva.
A.Musayev, O‘zA.