Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Almas Aydarov: O‘zbekiston tajribasi ko‘pgina sohalarda biz uchun juda muhim
17:42 / 2020-02-25

O‘zA muxbiri Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vazirining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Almas Aydarovdan anjuman haqidagi taassurotlarini so‘radi.


Urganchda o‘tayotgan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi II hududlararo hamkorlik forumida ishtirok etish uchun qo‘shni davlatdan ko‘plab vazirlik va idoralar, biznes tuzilmalari rahbarlari tashrif buyurgan.

O‘zA muxbiri Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vazirining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Almas Aydarovdan anjuman haqidagi taassurotlarini so‘radi.

– Hammamizning yodimizda, xuddi shunday ilk forum 2018 yil Chimkent shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Mana endi Urganch shahrida to‘plandik. Anjumandan ko‘zlangan maqsad savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kuchaytirish. Oldimizda turgan asosiy vazifa mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasini yiliga 5 milliard dollarga chiqarish. To‘g‘ri, o‘sish sur’ati yo‘q yaqqol ko‘zga tashlanadi, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra mahsulot ayirboshlash hajmi bizning hisobimiz bo‘yicha 2 milliard 700 million dollarni tashkil etgan. Sizlarda esa bu raqam biroz yirikroq – 3 yarim milliard, deb qayd etilgan. Bu tushunarli, sababi har bir davlatda statistik ko‘rsatkichlar o‘ziga xos tarzda olib boriladi. Baribir, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ayniqsa, investitsiyaviy munosabatlarning bugungi darajasi ikki tomonni ham qoniqtirmaydi.

Shuning uchun ham bu galgi forumda investitsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Hozirgi payt Qozog‘istonda 2 ming 500 dan ziyod o‘zbek kompaniyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda esa 800 dan ortiq korxonalarimiz ishlamoqda. Ular mamlakatlarimiz iqtisodiyotiga foyda keltirmoqda, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab, mamlakat budjetini to‘ldiryapti. Aytmoqchimanki, har ikki tomonda biznesni rivojlantirishga intilish kuchli. Demak, yangi sohalarga sarmoya kiritish uchun ham imkoniyat bor.

Masalan, biz uchun O‘zbekistonning yengil sanoat, avtomobilsozlikni rivojlantirish, ayniqsa, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar, iste’mol mollari ishlab chiqarishdagi tajribasini o‘rganish juda muhim. Bu borada Qozog‘iston hukumati tomonidan maxsus dastur tuzilgan. Qurilish sohasidagi hamkorlik, xususan, birgalikda qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish ham kun tartibida turibdi.

Qariyb 3 milliard dollarlik savdo aylanmasi doirasida Qozog‘iston O‘zbekistonga 300 million investitsiya kiritgan. O‘zbekistonning hissasi esa bor-yo‘g‘i 37 million dollar. Ayni ko‘rsatkichlar ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi anchayin uzun chegarani, qolaversa keyingi yillarda mamlakatlarimiz iqtisodiyoti jadal rivojlanib borayotganini inobatga olganda, juda kam. Shuning uchun ham Qozog‘iston hukumati mamlakatning har tomonlama taraqqiyotini kelgusida O‘zbekiston bilan chambarchas bog‘liq holda ko‘ryapti.