Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Allomaning har misrasi olimlar tomonidan turlicha talqin etilgan
12:13 / 2020-01-20

Hazrat Navoiyga qadar turkiy tilda ijod qilgan adib va shoirlar tilning nazariy masalalari bilan shug‘ullanmagan.


Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligi

Hazrat Navoiyga qadar turkiy tilda ijod qilgan adib va shoirlar tilning nazariy masalalari bilan shug‘ullanmagan. Shu ma’noda aytish mumkinki, shoir “Xamsa”, “Mahbubul-qulub”, “Munshoot”, “Vaqfiya”, “Muhokamat ul-lug‘atayn” kabi asarlari bilan o‘zbek adabiy tilining badiiy va ilmiy asarlar yaratish, shuningdek, davlat ishlari, diplomatik munosabatlarda foydalanish uchun boy imkoniyatlarga ega ekanini ham nazariy, ham amaliy tomondan isbotlab berdi. Husayn Boyqaro ta’biri bilan aytganda, so‘z mulkining sohibqironiga aylandi.

Alisher Navoiy til, tillarning vujudga kelishi haqida qimmatli mulohazalarni qayd etadi. Allomaning “Insonni so‘z ayladi judo hayvondin” misrasi olimlar o‘rtasida xilma-xil fikrlar yuritilishiga sabab bo‘lgan. Ba’zi olimlar mutafakkirning zikr etilgan fikri asosida insonning maymundan paydo bo‘lganiga ishora qiladi. Natijada shoir dunyoning evolyusion yo‘l bilan yuzaga keganini, bir turdan ikkinchi turning kelib chiqqanini Ch.Darvindan ancha oldin e’tirof qiladi, degan fikrni ilgari suradi. Aslida Navoiyning yuqoridagi misrasi islom ta’limotidagi dunyoning paydo bo‘lishi, insonning dunyoga kelishi haqidagi qarashlarning namoyon bo‘lishidir. Mutafakkir insonni so‘zlash qobiliyatiga ega mahluqot sanaydi. Inson komillikka erishmoq uchun o‘zini hayvoniy hirslardan tozalash lozimligini ta’kidlaydi. Ko‘rinib turibdiki, shoirning inson so‘z orqali hayvondan ajralib chiqqani haqidagi fikri islom olamidagi an’anaviy qarashning davomidir. Qolaversa, hazratning “Layli va Majnun” dostonida keltirilgan quyidagi bayti qayd etilgan da’voga javob vazifasini o‘taydi:

Dad har sori keetsa ketmak o‘lmas,

Nasnosni odam etmak o‘lmas.

Dunyodagi tillar, ularning kelib chiqishi to‘g‘risida mutafakkirlar ko‘pdan buyon mulozaha yuritib kelgan. Natijada tillarning kelib chiqishi haqida xilma-xil fikrlar shakllandi. Bulardan keng tarqalgani barcha muqaddas kitoblarda bir xil takrorlanuvchi Nuh payg‘ambar to‘g‘risidagi ma’lumotlardir. Jahondagi barcha xalqlar va ularning tillar tarqalishi Nuh payg‘ambar hamda farzandlarining to‘fonda turli tomonga tarqalishi bilan izohlanadi. Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida tilning kelib chiqishi, ijtimoiy mohiyati borasida shunday yozadi: “Mundin so‘ngra uch nav’ tildurkim, asl va mu’tabardur va ul tillar iborati gavhari bilan qoyilining (so‘zlovchi) adosig‘a zevar (bezak) va har qaysining furui (tarmoqlar, shoxobchalar) bag‘oyat ko‘ptur. Ammo turkiy va forsiy va hindiy asl tillarning manshai (kelib chiqishi) durki, Nuh payg‘ambar salavotullohi alayhaning uch o‘g‘lig‘akim, Yofas va Som va Homdur yetishur. ...Yofasniki, tavorix (tarixlar) ahli Abut-turk bitirlar, Xito mulkiga yibordi va Somniki, Abul-furs bitirlar Eron va Turon mamolikining (mamlakatlar) vasatida voliy qildi va Homniki, Abul-hind debdurlar, Hindiston bilodig‘a (shaharlar) uzatti. Va uch payg‘ambarzoda avlod va atboi (izdoshlar) mazkur bo‘lg‘on mamolikda yoyildilar va qalin bo‘ldilar”.

Shoir umrining oxirgi paytlarida juda katta hayotiy va ijodiy tajribasini sarhisob qilayotgan davrida, ya’ni 1499 yilda yozilgan “Muhokamat ul-lug‘atayn” risolasida o‘z ifodasini topgan. Mazkur asarda mutafakkir oltoy tillari oilasiga kiruvchi turkiy, ya’ni o‘zbek tili bilan hind-yevropa tillariga mansub sart (forsiy) tilini fonetik, leksik va grammatik jihatdan solishtirib, chog‘ishtirma tilshunoslikka asos soldi.

“Muhokamat ul-lug‘atayn” asari dastlab so‘z ta’rifi bilan boshlanadi: so‘z go‘yo durdur. Durning joylashish o‘rni dengiz tubi bo‘lsa, so‘zning joylashish o‘rni ko‘ngildir (xotira). Dur g‘avvos yordamida dengiz tubidan tashqariga chiqarilib, jilvalantirilsa va g‘avvosning qiymati javharni jilvalantira olish qobiliyatiga qarab belgilansa, so‘z sohibi ixtisos tomonidan ko‘ngildan tashqariga olib chiqiladi va notiqnining qiymati so‘z qo‘llash mahoratiga, uni jilvalantirish qobiliyatiga qarab belgilanadi. Dengiz qa’rida harakatsiz imkoniyat tarzida turgan durlar g‘avvos yordamida harakatga keltirilsa, ko‘ngil tubidagi imkoniyat tarzidagi so‘zlar ham so‘zlovchi tomonidan nutqiy jarayonda o‘z jilvasini topadi. Bundan ko‘rinadiki, nemis tilshunosi Gumbolmdt va shveysariyalik olim Sossyurdan ancha oldin til va nutq hodisalarini bir-biridan farqlagan. Achinarli tomoni shundaki, yaqin-yaqingacha til va nutq munosabati, bu ikki hodisani bir-biridan farqlash nomlari zikr etilgan olimlar lingvistik ta’limotining asosini tashkil kiladi, deb hisoblab kelinar edi.

Mutafakkir risolada qushlar, yovvoyi va yirtqich hayvonlar tillarining o‘zgacha xurushu (shovqin, fig‘on) takallumlari va g‘ayri navoyu tarannumlari haqida so‘z yuritib, “Ammo chun alfoz va iboratdin murod ma’nidur va mazkur maxluqotdin maqsud insondur va ul mazhari maoniy va bayon, so‘z aning so‘zindadur va takallum aning kalomida borur” deydi.

“Muhokamat ul-lug‘atayn”da tilning kelib chiqishi, ijtimoiy mohiyati borasida shunday ma’lumotlarni o‘qiymiz: arab tili fasohati, mumtoz va badiiy ifodasi, go‘zalligi bilan mo‘jiza ko‘rsatuvchidir. Chunki bu til bilan tangrining kalomi nozil bo‘ldi va Rasul alayhis-salavotu vasallamning saodatga yo‘llovchi hadislari yetib keldi: “Mundin so‘ngra uch nav’ tildurkim, asl va mu’tabardur va ul tillar iborati gavhari bilan qoyilining (so‘zlovchi) adosig‘a zevar va har qaysining furui (tarmoqlari, shoxobchalari) bag‘oyat ko‘ptur. Ammo turkiy va forsiy va hindiy asl tillarning manshaidurki, Nuh payg‘ambar salavotullohi alayhaning uch o‘g‘lig‘akim, Yofas va Som va Homdur yetishur”.

Ta’kidlash joizki, bu o‘rinda Navoiy so‘z o‘zlashtirish, boshqa tillardan so‘z olish masalasiga ham e’tibor qaratadi. Qolaversa, shoir ijod qilgan davrda arab tili ilm-fan, forsiy esa badiiy adabiyot tili darajasiga aylanib ulgurgan edi. Shuning uchun ham Navoiy o‘z asarlarida arabi va forsiy so‘z va iboralarni ko‘plab qo‘llagan va buni tabiiy hol deb bilgan. O‘z asarlariga nom qo‘yishda ham an’anaga muvofiq arabcha so‘z va ifodalardan foydalangan. Bundan anglashiladiki, ijod jarayonida Navoiy hal qilgan lisoniy muammolardan biri – boshqa tillardan so‘z olish muammosi, birinchi navbatda, arab tiliga aloqador bo‘lgan. Bunda, hech shubhasiz, shoirning Qur’on tilini mukammal bilgani (uning arabcha lug‘at tuzgani ma’lum) katta o‘rin tutgan. Navoiy zamonida Movarounnahr va Xurosonda forsiyning mavqei baland bo‘lgani, turkiyda ijod qilgan adiblar undan andoza olgani uchun bu tildan turkiyga so‘z o‘zlashtirishga hech kim monelik qilmagan. Shu bois Alisher Navoiyning poetik va ilmiy asarlari so‘z boyligining taxminan 30-33 foizini arab tilidan kirgan so‘zlar tashkil qiladi. Fors-tojik leksik elementlari 18-20 foizgacha boradi. Bahrom Bafoevning yozishicha, Navoiy arab-fors tillaridan foydalanganda, ularning turkiy tilga o‘zlashib, singib ketadiganlariga ko‘proq murojaat qiladi. Shu bilan birga, shoir har uch tilning imkoniyatlaridan foydalanib, yangi ma’noli so‘zlar – neologizmlar yaratadi. Alisher Navoiy yaratgan yangi so‘z, yangi ma’nolar turkiy tillar doirasidan chiqib, fors-tojik tilining ham lug‘at fondini boyitgan.

Temuriylar davrida hukm surgan til vaziyati va uning Navoiy tiliga ta’siri masalasi, turkiy shoirlarning ko‘pchiligi fors tilida ijod qilgani, ularning o‘z ona tilidan ko‘ra forsiyda qalam tebratishining sabablari, fors tilida yozish odat, an’anaga aylangani haqida “Muhokamat ul-lug‘atayn”da quyidagilarni o‘qiymiz: “...turkning ulug‘din kichigiga degincha va navkardin begiga degincha sort tilidin bahramanddurlar, andoqkim o‘z xirad ahvoliga ko‘ra ayta olurlar, balki ba’zi fasohat va balog‘at bila ham takallum qilurlar. Hatto turk shuarosikim, forsiy til bila rangin ash’or va shirin guftor zohir qilurlar. Ammo sort ulusining arzolidin ashrofig‘acha va omiysidin donishmandig‘acha hech qaysi turk tili bila takallum qila olmaslar va takallum qilg‘onning ma’nisin ham bilmaslar. Agar yuzdin, balki mingdin biri bu tilni o‘rganib so‘zki aytsa ham, har kishi eshitsa bilur va aning sort ekanin fahm qilur”. Ko‘rinib turibdiki, turkiy aholining kattayu kichigi, xizmatchisidan tortib amaldorigacha forsiy tilni yaxshi bilgan va bu tilda chiroyli, ravon hamda benuqson so‘zlashgan, shoirlari go‘zal she’rlar bitgan. Biroq forsiyzabon ulusning oddiy kishisidan e’tiborli insonlarigacha, ilmsizidan donosigacha turkiy tilda so‘zlay olmagan va gapirganlarining ham ma’nosini tushunmagan.

Shoir “Muhokamat ul-lug‘atayn“ asarida o‘zi to‘g‘risida gapirib, she’r yozishni fors tilida boshlaganini aytadi. Lekin tushunish yoshiga yetib, turkiy til haqida fikr yuritish ehtiyoji tug‘ilgach, uning ko‘z o‘ngida zebu ziynatlari son-sanoqsiz o‘n sakkiz ming olamdan ortiq olam namoyon bo‘lgani, fazilat va yetuklikda chek-chegarasi bo‘lmagan to‘qqiz falakdan ortiq falak ko‘rgani, dur va gullari yulduzlardan ravshanroq xazina va gulshan uchratgani, ammo bu olamga hech kimning qadami yetmagani va qo‘li tegmagani haqida yozadi: Chun mazkur bo‘lg‘on qoida bilakim, ado topti – mayl forsiy sari bo‘ldi. ...o‘n sakkiz ming olamdin ortuq, anda zebu ziynat, va sipehre tab’ga ma’lum bo‘ldi, to‘qquz falakdin ortuq, anda fazlu rif’at, va maxzane uchradi, durlari kavokib gavharlaridin raxshandaroq, va gulshane yo‘luqti, gullari sipehr axtaridin duraxshandaroq, harimi atrofi el ayog‘i yetmakdin masun va ajnosi g‘aroyibi g‘ayr ilgi tegmakdin ma’mun. Ammo maxzanining yiloni xunxor va gulshanining tikani behaddu shumor. Xaylga keldikim, hamonoki, bu yilonlar neshi nashtaridin tab’ ahli xiradmandlari bu maxzandin bahra topmay o‘tupturlar va ko‘ngulga andoq evruldikim, go‘yo bu tikanlar sarzanishi zararidin nazm xayli guldastabandlari bu gulshandin bazm tuzgucha gul iliklay olmay yo‘l tutubdurlar.

“Muhokamat ul-lug‘atayn“da turkiy xalq va qabilalar, qavmlar tili, Movarounnahr va Xurosondagi irqiy hamda shevaga xos manzara alohida tilga olingan. Yetmish ikki til, yetti iqlimning har birida necha mamlakat va viloyat borligi, har qaysi mamlakatda qancha shahar, qasaba (qishloq), kent mavjudligi, bu joylarda, dashtlarda, orollarda, daryo sohillarida turli ulus va qabilalar yashashi, turkiy tillar, turkiy lahja hamda shevalar to‘g‘risida qayd etiladi: “Agar mubolag‘asiz ijmol yuzidin qalam surulsa va ixtisor jonibidin raqam urulsa, yetmish ikki nav’ bila taqsim toparida, xud hech so‘z yo‘qturki, yetmish ikki firqa kalomig‘a dalolat qilg‘ay, ammo ulcha tafsiliydur. Uldurkim, rub’i maskunning yetti iqlimidin har iqlimda necha kishvar bor va har kishvarda necha shahar va qasaba va kent va har dashtda necha xayl-xayl sahronishin ulus va har tog‘ning qo‘llarida va qullalarida va har bahrning jazoyirida va savohilida ne tavoyif bor. Har jamoat alfozi o‘zgalaridin va har guruh iborati yonalaridin mutag‘ayyir va bir necha xususiyat bila mutamayyizdurki, o‘zgalarda yo‘qtur”.

“Muhokamat ul-lug‘atayn“ asarida umumiy tarzda zikr etilgan ulus, qabila, jamoat va guruhlarning qaysi qabila, urug‘, xalqqa mansubligi ochiq ko‘rsatilmagan. Biroq shoir asarlari tilining tahlili bu masalaga oydinlik kiritishga ko‘maklashadi. Ilmiy izlanishlardan ayon bo‘ladiki, mutafakkir asarlarida qarluq, o‘g‘iz va qipchoq lahjalariga xos xususiyatlar ko‘zga tashlanadi. Sir emaski, Navoiyga qadar adabiy tillar yuzaga kelgan bo‘lib, ular biri-biridan farq qilar edi. Navoiy dahosining qudrati shunda kuzatiladiki, u o‘zining amaliy-badiiy faoliyati bilan turli til, lahja va shevalarga xos fonetik, leksik va grammatik xususiyatlarni umumlashtirdi, muayyan me’yorga solib, sayqallashtirdi. Shu tariqa, yagona adabiy tilga asos solib, uni yuqori cho‘qqiga olib chiqdi. Kezi kelganda aytish kerakki, bu til Xitoydan Xurosongacha bo‘lgan katta hududda yashovchi barcha turkiylar uchun adabiy til vazifasini o‘tagan.

Baxtiyor ABDUShUKUROV,
filologiya fanlari doktori.