Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Allomalarimiz dunyo olimlarining doimiy diqqat markazida
11:10 / 2021-02-16

Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abul Muin Nasafiy kabi mamlakatimizdan yetishib chiqqan yuzlab allomalarning hayoti va boy ilmiy-ma’naviy merosiga qiziqish hamisha xalqaro jamoatchilik, xususan, dunyo olimlarining doimiy diqqat markazida bo‘lib kelgan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Malayziya Islom Ilmlari universiteti hamda Malayziya Islomni Anglash instituti mutaxassislari o‘rtasida zoom platformasi orqali onlayn konferensiya o‘tkazildi.  

Ushbu onlayn konferensiya Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining xorijiy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik loyihalarini kengaytirish, xususan, markaz faoliyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va keng ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish maqsadida o‘tkazildi.  

Konferensiya davomida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi mas’ul xodimi Sheroz Abdullayev – ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, o‘zaro munosabatlar jadal suratlarda rivojlanayotganligi, xususan, ilmiy sohada ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish muhim ahamiyatga egaligini aytib o‘tdi.  

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Zohidjon Islomov – keyingi davrda O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan tizimli va keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtalib, olib borilayotgan amaliy islohotlar nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro jamoatchilik tomonidan ham yuksak baholanayotganligini e’tirof etdi.  

Shu bilan birga Malayziya Islom Ilmlari universiteti vitse-kansleri o‘rinbosari Mohd Rushdan bin Mohd Jaylaniy va Malayziya Islom Ilmlari universiteti A’lamiya xalqaro markazi direktori Zulfazl bin Hamza – Malayziya Islom Ilmlari universiteti faoliyati, yo‘nalishlari haqida, Malayziya Islomni Anglash instituti Shari’at huquqi va siyosati markazi direktori Mohd Farid Mohd Shahran tomonidan – Malayziya Islomni Anglash instituti faoliyati, yo‘nalishlari to‘g‘risida tanishtiruv prezentatsiyalari o‘tkazildi.  

Shuningdek, konferensiya davomida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davron Maxsudov konferensiya ishtirokchilarini markazning tashkil etilishi, uning maqsad va vazifalari bilan tanishtirish bilan birga, islomiy ilmlar, xususan, kalom ilmi tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, olib borilayotgan tadqiqot natijalari yuzasidan qomuslar, kataloglar, kitoblar nashr etish, “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida islom dinining ilm-ma’rifat, ma’naviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi g‘oyalarini keng jamoatchilikka yetkazish, bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanligini ta’kidlab o‘tdi.  

Konferensiya ishtirokchilarini quvontirgan yana bir muhim jihat shundaki, Malayziya Islomni Anglash instituti, bosh kotibi o‘rinbosari Mohd Zaydi Ismoil – moturidiylik va ash’ariylik ta’limotini chinakam sunniy yo‘nalishlar ekanini e’tirof etib, Malayziyada saqlanayotgan eng qadimiy qo‘lyozma kitob o‘zbek diyoridan yetishib chiqqan Abu Hafs Nasafiy qalamiga mansub “Aqoidi Nasafiya” asarining XVI asrda malay tiliga qilingan tarjimasi ekanini alohida qayd etdi.  

Konferensiya so‘nggida ilmiy sohadagi hamkorlik, o‘zaro tajriba almashish hamda har ikki tomonning kutubxona va qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan manbalarning faksimile nusxalarini o‘zaro ayirboshlash borasida ikki tomonlama manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.  

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati.