Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Allomalar merosi – tadqiqot obyekti
12:54 / 2015-05-12

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va qator tashkilotlar hamkorligida «Sharq allomalari ilmiy, adabiy merosini o‘rganishning dolzarb masalalari: tavsif, tarjima va tadqiqot» mavzusida ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va qator tashkilotlar hamkorligida «Sharq allomalari ilmiy, adabiy merosini o‘rganishning dolzarb masalalari: tavsif, tarjima va tadqiqot» mavzusida ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda manbashunos olimlar, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar va yoshlar ishtirok etdi.

Prezidentimiz Islom Karimov 2014-yil may oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan «O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi ma’ruzasida ko‘plab buyuk faylasuflar, shoir va ma’rifatparvarlarning ijodiy merosida donishmandlik va borliq olamni gumanistik anglashning juda ulkan, bitmas-tuganmas xazinasi saqlanib kelayotgani, bu meros jahon ahamiyatiga molik bebaho boylik hisoblanishini ta’kidladi. Mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizning ana shu boy ma’naviy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilib, bu borada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Qadimiy sharq qo‘lyozmalari va sharq tillaridagi tarixiy hujjatlarni saqlashni tizimlashtirish va qayta tiklash, noyob qo‘lyozmalarning elektron bazasini tashkil etish va yuritish, yodgorliklarni chuqur tahlil etish hamda ularning ilmiy tavsifi kataloglarini tuzish borasida ko‘plab natijalarga erishilayotir. Qo‘lyozmalarning ilmiy sharh va tarjimalarini tayyorlash hamda ularni turli tillarda nashr etish ham alohida e’tiborda. Bu sa’y-harakatlar samarasida yaratilgan asarlar mutaxassis olimlar, yoshlar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Anjumanda allomalar asarlarini har tomonlama chuqur o‘rganish, yuqori malakali yosh manbashunos va matnshunos mutaxassislarni tayyorlash, olib borilayotgan tadqiqotlarni jadallashtirish kabi masalalar muhokama etildi.

– Allomalarimizning ilmu fan yutuqlari, insonparvarlik va ma’rifatga oid g‘oyalari asrlar osha bizgacha yetib kelgan, – deydi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi direktori Ne’matilla Muhamedov. – Ularning ilmiy merosi va buyuk kashfiyotlarini to‘liq o‘rganish biz, mutaxassislarning asosiy vazifamizdir. Mazkur anjuman ham allomalar merosini tadqiq etayotgan yosh olimlarning bilimlarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda sharqshunosligimiz oldida turgan muhim vazifalar, Sharq qo‘lyozmalari markazida saqlanayotgan tarixiy hujjatlar asosida amalga oshirilayotgan tadqiqotlarni yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.