Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidchilik harakatining yetakchisi, buyuk jamoat arbobi, mutafakkir alloma, yozuvchi va o‘zbek dramaturgiyasi asoschisidir.
Ta’kidlash kerak, so‘nggi yillarda ma’rifatparvarning hayoti va ijodini o‘rganish hamda uni yoshlar orasida targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, ilmiy konferensiyalar, adabiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. «BRAND PRO MEDIA» studiyasi tomonidan o‘zbek teatr dramaturgiyasining asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi haqida tarixiy-badiiy film namoyishi o‘tkazildi. Tadbirda Akademiya professor-o‘qituvchilari, olimlar, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.
– Mahmudxo‘ja Behbudiy – jadidchilik harakatining rahnamosi, jadid ma’rifatparvarlarining yo‘lboshchisidir, – deydi Kinematografiya agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev. – Buning yorqin isbotini 2020 yilning 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Prezidentimiz tashabbusi bilan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy singari ma’rifatparvar bobolarimiz davlatimizning «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlanganida ko‘rishimiz mumkin. Behbudiy diniy va dunyoviy ilmlarni chuqur o‘zlashtirgan, xat-savodini katta madrasalarda chiqargan alloma edi. Tahlikali umri davomida qaysi shaharda istiqomat qilmasin, aslo ilm olishdan to‘xtamadi. Yangi usuldagi maktablar, xayriya jamiyatlari, milliy matbuotning shakllanishida Mahmudxo‘ja Behbudiyning hissasi beqiyos. Ushbu kartinada ham aynan ana shu jihatlarga e’tibor qaratilgan.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda milliy o‘zlikni anglash, hurriyat yo‘lida jon fido etgan bobolarimiz xotirasiga cheksiz hurmat va ehtirom ko‘rsatilmoqda. bugungi shiddatli yangilanish jarayonlarida ularning fidoyiligi, ilmga, taraqqiyotga intilgani har jihatdan ibratli ekani haqida so‘z yuritildi.
Tadbir davomida Akademiya talabalari tomonidan alloma hayoti tasvirlangan sahna ko‘rinishlari, she’riy chiqishlar yig‘ilganlar hukmiga havola etildi.
Shundan so‘ng taniqli dramaturg, publitsist, jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayot va ijod yo‘li aks etgan film namoyish etildi. «Xalq yuragi» turkumi ostida tayyorlangan filmning ssenariysi Abduhamid Muxtorov qalamiga mansub, rejissyor Ibrohim Ahmedov. Eslatib o‘tamiz, mazkur film O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 20 may kuni Toshkent shahridagi Adiblar xiyoboniga tashrifi va kinoijodkorlar bilan uchrashuvi davomida bergan topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida suratga olindi.
Kartinada millatni ma’rifatli bo‘lishga chorlagan Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayot yo‘li, ijod olami hali asrlar davomida kelajak avlodga katta ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi to‘la aks etgan.
Hujjatli filmni Behbudiyning ibratli so‘zlari yanada boyitgan. Kartinada yaqin tarixga nazar tashlangan. Behbudiy obrazi orqali o‘sha davr ma’rifatli kishilariga munosabat, ziyolilarga bo‘lgan qarshilik ro‘y-rost ko‘rsatilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy hayot yo‘liga bag‘ishlab suratga olingan badiiy filmdan farqli o‘laroq, bunda ko‘proq faktlarga, aniq ma’lumotlarga tayanilgan. Behbudiy bilan bog‘liq birorta muhim hodisa kinoijodkorlar nigohidan chetda qolmagan.
D. Mamatova, O‘zA