Qadriyat
Buxoro “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat Kengashi tomonidan “Alla – onalar qo‘shig‘i” mavzusida tanlov tashkil etildi.
Mustaqilligimizning 34 yilligi oldidan tashkil etilgan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tadbir avvalida so‘z olgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat Kengashi deputati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning mintaqaviy vakili Abira Huseynova 34 yil ilgari xalqimizning qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning pirovard maqsadlariga erishish uchun har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladi.

Tadbirda Buxoro viloyat musiqali drama teatri oliy toifali aktyori, “Shuhrat” medali sohibi Anvar Mavlonov mustaqillik tarixi, mustaqillik qadri, mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, bugungi kundagi o‘zgarishlar, yangilanishlar jarayonining mohiyatida Inson va uning farovon hayoti mujassamligi haqida gapirib, tanlov ishtirokchilariga omad tiladi hamda o‘z aktyorlik mahoratini namoyish etib, monologlar aytdi.

O‘zbek tili, o‘zbek musiqasi va ohangining betakror jozibasini alla orqali bola ruhiyatiga singdirish, alla va uning atrofida shakllangan milliy qadriyatlarni saqlab qolish, yosh avlodning ma’naviy jihatdan barkamol etib tarbiyalashda onalarning mas’uliyatini oshirishni maqsad qilgan tanlovda ishtirokchilar tomonidan alla qo‘shiqlari kuylandi.

Hakamlar hay’atining yakdil qaroriga ko‘ra, uchinchi o‘rin Mehriniso Sharipova hamda Dildora Nabiyevaga, ikkinchi o‘rin Shohida Bahronovaga nasib etdi. Faxrli birinchi o‘ringa Dilnoza Muqimova loyiq, deb topildi.

Tanlov g‘oliblari partiya viloyat Kengashi tomonidan maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.