Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Alla – ko‘hna va navqiron qo‘shiq
21:24 / 2025-11-27

Alla – xalqimizning milliy qadriyati sifatida momolardan ma’naviy meros bo‘lib kelayotgan ko‘hna va navqiron qo‘shiq. U nafaqat uxlatuvchi kuy, balki millat tarbiyasining ilk bosqichi hamdir. Bu ilohiy qo‘shiq orqali ota-ona va Vatanga mehr-muhabbat tuyg‘ulari, komillik, insonparvarlik, ezgulik kabi insoniy fazilatlar go‘dakning ongiga jo bo‘lib, umri mobaynida unga hamroh bo‘ladi, oxir-oqibat bola qalbida milliy g‘urur hissi uyg‘onadi. Alla bolaning xulq-atvori va ma’naviy tarbiyasini shakllantirishga, ta’bir joiz bo‘lsa, kelajagini belgilashga xizmat qiladi.

Alla nafaqat go‘dakni, balki katta yoshdagi insonlarni ham birdek sehrlab qo‘yadi,  yurakdagi mudroq xislarni, iliq xotiralarni uyg‘otib, qalblarga hayajon soladi.  

So‘nggi yillarda oilalarda alla aytish udumi yo‘qolib, uning o‘rnini YouTube, TikTok, Instagram kabi platformalardagi o‘zga millatlarga xos ma’naviy qiymatsiz qo‘shiqlar egallab borayotgani jamiyatdagi keng qamrovli madaniy, ma’naviy hamda axloqiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq juda muhim masaladir.  

Bu holat farzand tarbiyasiga jiddiy xavf tug‘diradi. Jumladan, bolada quyidagi holatlar kuzatiladi:

• Milliy ongning susayishi – o‘z ona tilidagi iboralar ma’nosini anglamaydi,  boshqa tillarning noo‘rin ta’siri ortib boradi;

• ma’naviy zaiflik – bola milliy kuyning ruhini his qila olmaydi, uning ruhiyatiga  o‘z ona tiliga  mehr, tilimizga xos musiqiy ohang emas, balki  xorijning ayrim mantiqsiz  musiqalariga nisbatan muhabbat tuyg‘ulari singadi;

•  ruhiy beqarorlik – ma’nosiz, ahamiyatsiz  musiqalar ta’sirida  bolada  diqqatni jamlay olmaslik,  hatto agressiya holatlari ham kuzatilishi mumkin.

Millat tarbiyasidagi ana shu muhim jihatlarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida alla aytish udumini tiklash, zamonaviy alla qo‘shiqlari to‘plamini yaratish va ommalashtirish maqsadida “Alla – onalar qo‘shig‘i” aksiyasini tashkil etishga qaratilgan bir qator vazifalar belgilangan.

Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash, alla va uning atrofida shakllangan milliy qadriyatlarni saqlab qolish, yosh avlodni ma’naviy-axloqiy jihatdan barkamol etib tarbiyalashda onalarning mas’uliyatini oshirish, shuningdek, o‘zbek tili hamda milliy musiqamizning  betakror jozibasini alla orqali bola ruhiyatiga singdirish, xalqimizning  folklor san’atini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishga qaratilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida “Alla – onalar qo‘shig‘i” aksiyasi e’lon qilindi. Aksiya doirasida milliy va zamonaviy ruhdagi alla matnlari hamda qo‘shiqlari (videolavha shaklida) tanlovi e’lon qilindi. Aksiya ishtirokchilari tomonidan https://t.me/mt_allalar_tanlovi botiga jami 368 ta ijodiy ishlar  kelib tushdi.

Shulardan, 20 tasini MP3 formatdagi ovozli allalar, 133 tasini videolar, 173 tasini alla matnlari tashkil etdi. Hamkor tashkilotlar vakillaridan tarkib topgan Hakamlar hay’ati tomonidan ijodiy ishlar ko‘rib chiqilib, o‘nta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

Joriy yilning 27 noyabr kuni soat 15.00 da  aksiya yakuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, “Siyosatchi ayollar klubi” a’zolari, taniqli folklorshunos olimlar, Madaniyatshunoslik va nomoddiy-madaniy meros  ilmiy-tadqiqot instituti  ilmiy xodimlari, partiya faollari, OAV vakillari ishtirok etishdi.  Aksiya doirasida o‘nta nominatsiya bo‘yicha aniqlangan g‘oliblar partiya tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ona allasining milliy, ma’naviy va tarbiyaviy ahamiyati, ona va bola o‘rtasidagi ruhiy bog‘liqlikni mustahkamlash hamda ona tilidagi madaniy merosimizni asrashdagi o‘rni xususida atroflicha fikr bildirishdi. Shuningdek, har bir  oilada onalarning farzandiga alla aytishi udumini tiklash, oilaviy an’anaga aylantirish va ommalashtirish, yosh avlod kelajagi bilan bog‘liq buyuk maqsadlar, katta-katta orzular mujassam bo‘lgan zamonaviy alla qo‘shiqlarini yaratish, bolalar psixologiyasiga mos, milliylik va zamonaviylik uyg‘unligidagi  yangi allalar yozilgan audiolar yaratish hamda ulardan yurtimizdagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida keng foydalanish, umumta’lim maktablarida o‘tiladigan  musiqiy darslarda allalarga alohida o‘rin berish lozimligiga oid  bir qator takliflar bildirildi. O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yilayotgan hozirgi davrda  bolalar uchun uxlatuvchi emas, uyg‘otuvchi allalar yozilishi kerak, degan fikrlar ilgari surildi.  

Tanlovga yuborilgan eng sara alla matnlarini partiya tomonidan nashrga tayyorlanayotgan “Uyg‘otuvchi allalar” to‘plamiga kiritish rejalashtirildi.

Feruza Jalilova,

partiya Markaziy kengashi bo‘limi boshlig‘i