English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Alkogol va tamakini iste’mol qilish joylari aniqlashtiriladi
10:45 / 2021-06-15

Ma’lumki, alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash sohasida qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan.

Ammo, bugungi kun ko‘rsatmoqdaki ularning amaliyotda ijro etilish holati qoniqarli darajada emas.

NEGA USHBU MASALA MUHOKAMA QILINMOQDA?

So‘zimizni olib borilgan monitoring va tekshiruv natijalari ham isbotlaydi. Xususan, 2020 yilda Toshkent va Samarqand shaharlarida tamaki mahsulotining chakana savdosi, reklama qilish, sotuvini rag‘batlantirish, homiylik qilish yuzasidan maktablar atrofida va boshqa jamoat joylarida o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringiga ko‘ra, qonun hujjatlarida taqiqlangan bo‘lsa-da, sotuv joylarining 38,8 foizi maktablardan 200 metrdan kam bo‘lgan masofada joylashgan. Ko‘chada savdo qiluvchilarning 89 foizi sigaretalarni donalab sotilgan yoxud savdo joylarida tamaki mahsuloti namoyishga qo‘yilgan hollarning 61,2 foizida bunday mahsulot o‘yinchoqlar va shirinliklar oldiga qo‘yilgan. Shunga o‘xshash boshqa qonun buzilish holatlarni keltirish mumkin.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasining «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi deputatlar tomonidan muhokama qilinmoqda.

Amaldagi qonun hujjatlarida tashkiliy-huquqiy mexanizmlarning kuchsizligi va ularda bo‘shliqlarning borligi natijasida amaldagi qonunchilikda belgilangan qoidalar va cheklovlarga rioya etish darajasi past. Shuningdek, zamonaviy tamaki (nikotin) mahsulotining aylanmasini tartibga solish masalalari amaldagi qonun hujjatlarida o‘z aksini topmagan. Natijada aholi, ayniqsa yoshlar orasida bunday mahsulotlarni iste’mol qilinishi tez sur’atlarda ommalashmoqda.

Shuningdek, tamaki mahsulotini realizatsiya qilish yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa-da kundalik hayotda bunday mahsulotning chakana savdosi bilan aksariyat holatlarda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan noqonuniy shug‘ullanishiga sabab bo‘lmoqda.

QONUN LOYIHASIDA NIMALAR AKS ETMOQDA?

Loyihada alkogol va tamaki mahsulot va moslamalarni 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga va 21 yoshga to‘lmagan shaxslar tomonidan, savdo avtomatlari orqali, elektron tijorat shaklida (mahalliy ko‘piklanadigan va tabiiy vinolar bundan mustasno), sayyor va tarqatma (qo‘lda, lotoklarda, savatchalarda, qo‘l aravachalarida) savdo yo‘li bilan, masofaviy sotish usulida, turg‘un savdo ob’ektlaridan tashqarida, dorixonalarda, bolalar uchun tovarlarni realizatsiya qilishga mo‘ljallangan xonalarda, bolalar o‘yinchoqlari, konfetlar yoki bolalar uchun mo‘ljallangan boshqa tovarlariga o‘xshatib ishlangan bo‘lsa, iste’mol o‘rovida yigirma donadan kam sigareta bo‘lsa realizatsiya qilishni taqiqlash ko‘zda tutilmoqda.

Alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish mumkin bo‘lmagan jamoat joylarning aniq ro‘yxati ko‘rsatilib, chekish uchun ajratilgan maxsus joylarga minimal talablar belgilanmoqda hamda belgilangan qoidalarni ijro etilishini ta’minlash uchun mas’ul shaxslar majburiyatlari aniqlanmoqda.

Noqonuniy aylanmani oldini olish uchun import qiluvchi va ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahsulotlarni raqamli markirovkalash, ishlab chiqarish hajmlari va aylanmasini hisobga olish axborot tizimlarining tatbiq etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Barcha chekilmaydigan (tutunli) tamaki mahsuloti, shu jumladan nikotinli chekilmaydigan (tutunsiz) mahsulotlar O‘zbekistonga olib kiritilishi hamda realizatsiya qilinishi taqiqlanmoqda (bundan nosvoy mustasno).

Chakana savdoni amalga oshirayotganda tamaki mahsuloti hamda tamaki va nikotin iste’mol qilish uchun moslamalarning turg‘un savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida ko‘rsatib qo‘yish va ochiq namoyish etish taqiqlanmoqda.

BU BORADA XALQARO TAJRIBA QANDAY?

Chet el mamlakatlarida alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishga doir qator cheklovlar belgilangan. Xususan, AQSH va Qozog‘istonda 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish mumkin emas. Turkmaniston, Indoneziyada 21 yoshga, Hindistonning 17 ta shtatida 21-25 yoshga to‘lmagan shaxslarga alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish taqiqlangan. O‘tkazilgan tadqiqotlarga qaraganda, 21 yosh - shaxsning shakllanish jarayoni tugaydigan yosh va bu yoshga to‘lmaganlarda qaramlikning rivojlanish ehtimoli bir necha barobar yuqori.

Shu bilan birga, tamaki mahsulotlarini Internet orqali sotish Yevropa Ittifoqida (28 ta mamlakat), shuningdek, MDH mamlakatlarida (Belarus, Moldova, Rossiya Federatsiyasi, Turkmaniston) qonun bilan taqiqlangan.

Savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining peshtaxtalarida tamaki mahsulotini qo‘yish va namoyish etishni taqiqlash dunyoning 45 mamalakatda, jumladan Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati (5ta davlat), Gruziya, Tojikiston, Turkmaniston, Moldova, Turkiya, Finlyandiya, Estoniya kabi davlatlarda o‘z samarasini bergan.

Armanistonda jamoat joylarda chekish to‘liq taqiqlangan. Gruziyada, Moldova, Tojikiston, Ukrainada – yopiq jamoat joylarning ko‘pchiligida, Albaniya, AQSH, Argentina, Avstraliya, Bolgariya, Braziliya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Irlandiya, Islandiya, Ispaniya, Xitoy, Kanada, Kolumbiya, Latviya, Litva, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Turkiya, Urugvay va boshqa mamlakatlarda umumiy ovqatlanish korxonalarining (kafe, restoran, bar va boshqalar) yopiq joylarida chekish taqiqlangan.

Yana bir gap, 2016 yilda AQSHning Rak bo‘yicha milliy instituti va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining iqtisodiy adabiyotlarni keng qamrovli o‘rganishlari shuni ko‘rsatdiki, jamoat joylarida, ish joylarida, jumladan, restoran va barlarda chekishni taqiqlovchi qonunlar «iqtisodiy tomondan salbiy ta’sir ko‘rsatmagan». Aksincha, bunday tamakiga qarshi keng qamrovli qonunlar biznesga ko‘pincha iqtisodiy tomondan ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

JAMOATCHILIK NIMA DEYDI?

E’tiborli jihati Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi (29 oktyabr – 11 noyabr 2020 yil) davrida qonun loyihasi jamoatchilik, davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangan.

Muhokamada ishtirok etgan fuqarolarning 80 foizi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan, 3 foizi salbiy munosabat bildirgan hamda 17 foizi betaraf holda qonun loyihasiga o‘z taklif va mulohazalarini bildirgan.

QANDAY NATIJALAR KUTILMOQDA?

Chekilmaydigan tamaki mahsuloti aylanmasini taqiqlash yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda yosh avlodning nikotinli snyusni chekishni boshlamasligi va natijada, O‘zbekiston aholisi orasida yangi narkotikning yangi epidemiyasi oldi olinadi.

Savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining peshtaxtalarida tamaki mahsulotini qo‘yish va namoyish etishga yo‘l qo‘yilmasligi yoshlarning hamda chekishni tashlash uchun harakat qilayotgan kashandalarga chekishni boshlamasligiga yordam beradi.

Tamaki mahsulotini iste’mol qilish mumkin bo‘lmagan joylarning aniq ro‘yxati ko‘rsatilishi jamoat joylarida 100 foiz tamakisiz muhit yaratishga huquqiy asos yaratadi.

Alkogol va tamaki iste’mol qilish bilan bog‘liq kasalliklar va ular tufayli yuz beradigan barvaqt o‘limlar qisqaradi (ayniqsa erkaklar orasida), jumladan, jigar va jigar ichi o‘t yo‘llari raki, jigar sirrozi, nafas olish a’zolarining surunkali kasalliklari, yurak-tomir kasalliklari va ularning asoratlari: miokard infarkti, miya insulti, ateroskleroz hamda milk, lab, og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, hiqildoq, qizilo‘ngach va oshqozon raki.

Mast holatda sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari, yong‘inlar, jarohatlar va tutunli tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘lgan yong‘inlar va jarohatlar hamda ushbu falokatlar tufayli yuz bergan barvaqt o‘limlar kamayadi.

Umuman, ushbu qonun loyihasi qabul qilinishi nafaqat aholi salomatligiga, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Barcha uchun tamakisiz muhit yaratishga qaratilgan kompleks qonunlargina chekmaydiganlarning sog‘lig‘ini himoya qiladi va chekuvchilarning chekishni tashlashga undaydi.

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi