Senatda «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi.
Qonun Senatning yigirma yettinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan rad etilib, qonun bo‘yicha yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Oliy Majlis palatalari tomonidan kelishuv komissiyasi tuzilgan edi.
Kelishuv komissiyasining a’zolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, taklif va e’tirozlar e’tiborga olinib, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun tasdiqlangan.
Qonun bilan alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha bir qancha yangiliklar kiritilishi kutilmoqda.
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash, ularning salbiy ta’sirini profilaktika qilishning davlat tomonidan kafolatlanishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu bois alkogol va tamaki mahsulotlari, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarining yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilish va ushbu shaxslar tomonidan realizatsiya qilinishi, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish jarayoniga ushbu shaxslarni jalb etish taqiqlanmoqda. Yosh chegarasi amaldagi qonunga nisbatan uzaytirilmoqda.
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi organlar safi kengaytirilmoqda va ularning sohadagi vakolatlari aniq belgilanmoqda.
Bundan tashqari, alkogol va tamaki mahsulotlari, shuningdek tamaki hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarining realizatsiya qilinishiga doir cheklovlar ham kiritilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
N.Abduraimova, O‘zA