Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish tizimida raqamlashtirish qanday samara beryapti?
17:52 / 2026-01-07

Mamlakat iqtisodiy faoliyatida alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda bu sohada yashirin iqtisodiy harakatlarni oldini olish muhim masala sanaladi. Ayniqsa, aholi salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda  alkogol va tamaki mahsulotlari yo‘nalishida ham islohotlar zarurligini taqozo etdi. 2024 yil O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida muhim qadam qo‘yildi.

Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish Inspeksiyasi axborot bo‘limi boshlig‘i – matbuot kotibi Dilrabo Kuryazova bu borada amalga oshirilgan ishlar, alkogol va tamaki bozorini tartibga solish tizimida raqamlashtirish natijalari xususida gapirib berdi:

– “O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga  qarshi kurashish departamenti  qoshida alkogol va tamaki bozorini  tartibga solish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori ayni yo‘nalishda qonuniy talablarni kuchaytirish va nazoratni mustahkamlash uchun asos bo‘ldi. Sohadagi korxonalarga litsenziyalar berish, litsenziya talablari bajarilishini nazorat qilish, yashirin aylanmalarga qarshi kurashish va sohadagi muammolarni bartaraf etish inspeksiyaning asosiy vazifalaridan etib belgilangan. Bugungi kunda sohada 9643 ta sub’ekt faoliyat olib bormoqda, bularning 3 tasi tamaki, 6 tasi spirt, 37 tasi alkogol, 23 tasi pivo mahsulotlari ishlab chiqaradi, 290 ta korxona ulgurji, 9 284 ta korxona chakana savdo bilan shug‘ullanadi.

Litsenziya to‘lovlari to‘lanishi monitoring qilinib, 12,9 mlrd. so‘mlik mablag‘lar undirilishi ta’minlandi.

Yashirin aylanmalarni bartaraf etish borasida 2 ta yo‘nalish ustuvor etib belgilab olingan, ya’ni sohani raqamlashtirish va nazorat tadbirlarini o‘tkazish.

Ayni kunda mazkur inspeksiya raqamli texnologiyalar orqali iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, ularning ulgurji savdosi bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash hamda bu sohada noqonuniy harakatlarni barvaqt aniqlash va sohada tizimli monitoring yuritish borasida samarali ish olib bormoqda. Sohani rivojlantirish maqsadida xalqaro standartlar joriy qilish hamda milliy qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishda takliflar berilmoqda. 

Inspeksiya tashabbusi asosida 3 ta qaror qabul qilindi, 3 ta qonun hamda 16 ta qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ishlab chiqarishda xalqaro standartlarni joriy qilish maqsadida 5 ta yangi standart ishlab chiqildi. Yangi mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha 500 ta texnologik yo‘riqnoma tasdiqlandi. Sohaga yangi kirib kelgan 5 ta alkogol, 1 ta tamaki ishlab chiqaruvchi hamda 18 ta ulgurji korxonalarga litsenziya berildi, 24 ta yangi omborxonaga ruxsatnoma rasmiylashtirildi.

Yangi tizim alkogol va tamaki bozorini tartibga solishda shunchaki shaffoflik emas, balki tezkor monitoringni amalga oshirishda hamda sohada yashirin iqtisodiy harakatlarning oldini olishga ham xizmat qilmoqda. Inspeksiya faoliyatining tayanchi bo‘lgan “ISAT” nomli axborot tizimi ishga tushirildi. Sohada doimiy nazoratni ta’minlash maqsadida ushbu axborot tizimi orqali 48 ta sub’ektning elektron hisoblagichlari, 43 ta korxonalarning videokuzatuv uskunalari hamda 132 ta spirt tashuvchi transport vositalarining “GPS Treker” qurilmalari orqali real vaqt rejimida ma’lumotlar olinishi yo‘lga qo‘yildi. 

Raqamli islohotlar bugun nafaqat sohaga oid xavflarni aniqlash imkonini, balki katta iqtisodiy samara bermoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida davlat byudjet tizimiga alkogoldan 2,3 trln. va tamakidan 2,8 trln. jami 5,1 trln. so‘m aksiz solig‘i undirilishi ta’minlandi. Bu, o‘tgan yilga nisbatan byudjetga 7 foizga yoki 324 mlrd. so‘mga ko‘p (4,7/5,1 trln. so‘m) aksiz solig‘i undirildi, deganidir.

Tamaki mahsulotlari xufiyona aylanmasi 2024 yilda 19,6 foizdan 11,4 foizga  (-8,2 foiz) tushirilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida 9,8 foizga qadar (-1,6 foiz) qisqartirildi.

Yashirin aylanmalarga qarshi kurashish yo‘nalishida Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor va nazorat tadbirlari natijasida jami 1493 ta noqonuniy faoliyatga barham berildi, bunda 36 ta yashirin ishlab chiqarish, 39 ta noqonuniy saqlash, 16 ta kontrabanda, 1 402 ta noqonuniy savdo faoliyatiga chek qo‘yildi.

Iste’molga yaroqsiz hamda inson sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan  42,2 mlrd. so‘mlik 948 ming dona alkogol va spirt, 41,1 mlrd. so‘mlik 964,4 ming quti tamaki mahsulotlari muomaladan olindi.

O‘tgan yilning 10 dekabr kuni 246-sonli farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan boshlab bir qator tovar va xizmatlar, xususan alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali naqdsiz tarzda amalga oshirilishi belgilandi. Bunda aholiga qulaylik yaratish maqsadida to‘lovlarni qabul qilishga yagona QR kodli tizim ishga tushiriladi.

Mazkur yo‘nalishda Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda alkogol va tamaki mahsulotlarining savdosini amalga oshirayotgan 11 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlarning shaxsiy kabinetiga to‘lovlar faqatgina naqdsiz tarzda amalga oshirilishi to‘g‘risida xabarnoma yuborildi.

Naqdsiz sotish qoidalariga rioya etmaganlik yuzasidan javobgarlik choralarini belgilash bo‘yicha normativ hujjatlar loyihasi ishlab chiqilmoqda. 

Shuningdek, sohaga oid qonunchilik ijrosi borasida Inspeksiya tomonidan birja savdolari orqali sotilayotgan spirtning maqsadli ishlatilishi ustidan kunlik nazorat o‘rnatildi. 
Litsenziya talablariga rioya etilishi yuzasidan 20 ta ishlab chiqaruvchi korxonalarda tekshirishlar o‘tkazildi. Alkogolni yashirin ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan, shuningdek litsenziya shartlarini buzgan 11 ta ishlab chiqaruvchi va 46 ta ulgurji savdo korxonalarining litsenziyasi bekor qilindi. Asosiysi, ushbu yo‘nalishda xavfning oldini olishda ham raqamlashtirish tizimiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda sog‘lom raqobat tamoyillarini joriy etish, biznes muhitini yaxshilash, alkogol va tamaki bozorini tartibga solishda qonun ustuvorligini ta’minlash iqtisodiy taraqqiyotning eng muhim omilidir.

Mohigul Qosimova, O‘zA