Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Janubiy Kavkaz 3+3 hamkorligi formatidagi ikkinchi uchrashuvni tezroq o‘tkazish kerakligini ta’kidladi.
Ma’lumki, 3+3 formati Janubiy Kavkazning uchta mamlakati – Ozarbayjon, Armaniston va Gruziya hamda mazkur mintaqaga yaqin qo‘shni bo‘lgan Rossiya, Eron va Turkiya davlatlarini o‘z ichiga oladi.
"3+3 formatini ishga tushirish meni xursand qiladi. Birinchi uchrashuv avval bo‘lib o‘tgan edi. Unda kun tartibi bo‘lmagandi. Shunchaki ushbu formatni tashkil qilish maqsadida uyushtirilgan uchrashuv edi. Bizning ikkinchi uchrashuv kun tartibi bo‘yicha rejalarimiz bor, u yerda qanday masalalar muhokama qilinishi ma’lum. Ikkinchi uchrashuv tez orada bo‘lib o‘tishi lozim, ya’ni vaqtni behuda o‘tkazmaslik kerak", – dedi Aliyev seshanba kuni joriy yilning birinchi choragida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan majlisda.
Kuni kecha Ozarbayjon va Armaniston tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida uzoq yillar davomida ilk bor telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tgandi. Davlat rahbari ushbu voqeani ijobiy baholadi. "Aprel oyining oxirigacha chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha tashkil etiladigan ishchi guruhi, shuningdek, tinchlik shartnomasini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh o‘z faoliyatini yaqin orada boshlashi kerak, deb hisoblayman. Ushbu jarayonga biz katta umidlar bilan qaramoqdamiz va vaqtni behuda o‘tkazmaslik kerak", – deya ta’kidladi Ozarbayjon davlat rahbari.