Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aliya Yunusova: Qoʻpol qilmishlar karantin bilan xaspoʻshlanmasligi kerak
19:15 / 2020-05-21

Karantin sharoitida yashash hech kimga oson boʻlayotgani yoʻq. Ammo biz har qanday sharoitda ham zimmamizdagi burch va masʼuliyatni bajarishga masʼulmiz.


Karantin sharoitida yashash hech kimga oson boʻlayotgani yoʻq. Ammo biz har qanday sharoitda ham zimmamizdagi burch va masʼuliyatni bajarishga masʼulmiz.

Jamiyatda oʻrnatilgan odob-axloq meʼyorlariga amal qilmayotgan, qonunbuzarlikka yoʻl qoʻyayotgan shaxslarni esa aslo oqlab boʻlmaydi.

Ammo shunday holatlar sodir boʻlyaptiki, qonunbuzarlik ekani koʻrinib turibdi, ammo... Aniqrogʻi, yoʻl qoʻyilayotgan qilmishlarga qonunda javobgarlik aniq belgilab qoʻyilgan, biroq ularga jazo tayinlashda faqat karantin qoidalari buzilishi nuqtayi nazaridan yondashilayotgani kuzatilmoqda.

Uzoqqa bormay keyingi bir necha kunga nazar solsak, fohishalik qilganlar ham, yosh bolani tahqirlaganlar ham karantin qoidalari bilan bogʻliq meʼyorlarni buzgan, deb topildi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarni junbushga keltirgan ikki oʻsmirning aqli zaif bir bolakayni tik choʻktirib, uni tahqirlangani aks etgan video boʻyicha ham shunday xulosaga kelingan.

Shu haqda Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili Aliya Yunusovaning fikri bilan qiziqdik:

- Aqli zaif bolani tiz choʻktirib, uni tahqirlagan ikki nafar oʻsmirga berilgan jazo meni hayron qoldirdi, — deydi Aliya Yunusova. — Bunday holatlarda aslida jazo insonning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlaganligi uchun belgilanishi kerak. Bu vaziyatda esa qonunbuzarlik qilgan oʻsmirlarning asosiy qilmishi bir chetda qolib, ular “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) uchun va 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan jazolangan. Boshqacha aytganda, qoʻpol qilmish karantin bilan xaspoʻshlangan. Vaholanki, bunga yoʻl qoʻyish mumkin emas. Qilmish uchun yetarli jazo berilmasligi ushbu holatlarning koʻpayishiga olib keladi

Toʻgʻri, biz bolajon xalqmiz. Bola notoʻgʻri ish qilsa, uni kechirish kerak deb hisoblaymiz koʻpincha. Ammo tahqirlangan, buning ustiga yordamga muhtoj bola-chi? Aslida u koʻproq himoyaga, shafqatga muhtoj emasmi?

Bu kabi voqealar dono xalqimizning “qush uyasida koʻrganini qiladi”, degan maqolini ham yodga soladi. Hali voyaga yetmay turib shafqatsizlik qilishga jazm etgan, birovning izza boʻlishidan huzurlangan bolalar qanday muhitda katta boʻlgani kishini oʻylantiradi. Chunki mehr koʻrib oʻsgan, toʻgʻri tarbiya olgan bola bunday ishlarni qilishga hech qachon botinmaydi.

- Bir qarashda bizda bola huquqlari himoyasi bilan bogʻliq munosabatlar toʻlaqonli tartibga solingandek, — deydi A.Yunusova. — Ammo inson huquqlari, ayniqsa, bola huquqlari sohasi shunday tizimki, davr va vaqt oʻtgan sari yangi-yangi oʻzgarishlar, qoʻshimchalar kiritilmasa, huquqni roʻyobga chiqarishda muammolar yuzaga kelaveradi. 

“Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunda bolaning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik, bolaning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish kabi choralar belgilangan. Shu bilan birga, davlat bolaning barcha shakllardagi kamsitishlardan himoya qilinishini taʼminlash uchun zarur choralarni koʻrishi shart. Shu nuqtayi nazardan bola huquqlarini taʼminlash choralarini kuchaytirish bilan birga, bu huquqlarni bolalarga, ota-onalarga ham chuqurroq tushuntirish zarurati bor.