Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Alisher Usmanqulov: “Harakat, izlanish yuksak marralarga yetaklaydi”
16:57 / 2023-01-04

2023 yil – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili ham boshlandi. Nihoyasiga yetgan 2022 yil Jizzax politexnika instituti talaba va o‘qituvchi-professorlari jamoasi uchun yaxshi kunlarga, yangi marralar va unutilmas voqealarga boy bo‘ldi.

Shu o‘rinda “UI Green Metric” talqiniga ko‘ra Jizzax politexnika instituti dunyoda 327-o‘rinni, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida esa 1-o‘rinni egallaganini ta’kidlash joiz. Shuningdek, “Times Higher Education va QS World universities ranking” 2022 yil impakt reytingi uchun o‘z ma’lumotlarini taqdim etdi va shunga ko‘ra “Top-1000” talikka kirish uchun institutda bir qator rejali ishlar amalga oshirildi.

Ushbu muvaffaqiyatning siri, bu marraga yetishish borasida amalga oshirilgan xayrli ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida institutda bo‘ldik.

– O‘quv jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalarning joriy etilishi biz kutgan natijalarni berdi, – deydi Jizzax politexnika instituti rektori, professor Alisher Usmanqulov. – Ilmiy tadqiqotlar borasida ham ahamiyatga molik, ijobiy yutuqlarga erishdik. Quvonarlisi, yangidan-yangi ilmiy tadqiqotlar respublikamiz jamoatchiligi e’tiborini qozondi. Ayni paytda, institutimizda 7 ta fakultet, 28 ta kafedra va bir qator bo‘limlar mavjud. 33 ta kunduzgi bakalavriat, 15 ta sirtqi ta’lim yo‘nalishlari, 16 ta magistratura mutaxassisligi, shuningdek, 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi asosida 9 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va 1 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Institut qoshida 2 ta texnikum ham tashkil etilgan. 

Shuningdek, institut tarkibida qurilish materiallarini sinash va sertifikatlash ilmiy laboratoriyasi, loyihachi quruvchilarni malaka oshirish markazi, kasb-hunar markazi, tayyorlov kurslari faoliyat olib bormoqda. Bino va inshootlar qurilishi kafedrasi qoshida  uy-joy, sanoat qurilishi uchun ob’ektlar va kompleks loyiha-smeta hujjatlarini yaratish, jumladan, ularning muhandislik tarmoqlari va tizimlarini loyihalovchi “Politex me’mor loyiha” loyihalash guruhi tashkil etilgan.

2022 yilda institutda 30 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi soni 32 taga, 14 ta magistratura mutaxassisliklari soni 16 taga oshdi (2 ta yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ochildi). O‘qitishni sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari soni 15 tadan 16 taga ko‘paydi.  Talabalar soni 8 ming 192  nafardan  10 ming 527 nafarga o‘sdi. bugungi kunda institutda jami 13 nafar xorijiy talaba – 8 nafar Qozog‘iston, 3 nafar Rossiya Federatsiyasi va 2 nafar Turkiya davlati fuqarolari tahsil olmoqda. Shuningdek, Qozon Federal, Don davlat texnika, Ivanova kimyo texnologiya, MEI – milliy tadqiqotlar universitetlari, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti filiali bilan imzolangan memorandumga asosan hamkorlikda 2+2 qo‘shma ta’lim dasturlari asosida talabalar qabuli yo‘lga qo‘yilgan.

 Institutdagi professor-o‘qituvchilar soni 450 nafardan 512 nafarga oshgan bo‘lsa, ilmiy salohiyat 28,5 foizdan 30,5 foizga ko‘tarildi. Xorijiy davlatlardan 10 nafar professor-o‘qituvchilar onlayn tarzda o‘quv jarayoniga jalb etilgan. Ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar o‘quv rejasidagi nomutaxassislik fanlarini 2 barobarga qisqartirish va fanlarni optimallashtirish bo‘yicha tayanch va turdosh OTMlar bilan hamkorlikda ishlar amalga oshirildi. 2021-2022 o‘quv yilidan 1-kurslar kredit-modul tizimi bo‘yicha o‘qitilib, barcha fanlardan o‘quv, ishchi o‘quv rejalar, fan dasturlari va sillabus(o‘quv-uslubiy ob’ektning bir ta’rifi bo‘lib, shu jumladan intizom dasturi, maqsad va vazifalari, qisqacha har bir boblarning mavzusi va davomiyligi, mustaqil ish, maslahatlar, o‘qituvchi talablari, baholash mezonlarining vazifasi hamda asosiy va qo‘shimcha bir ro‘yxat jamlama)lar to‘liq kafedralar tomonidan ishlab chiqildi va institut kengashida tasdiqlandi.

Institutda o‘quv jarayoni sifatini yanada yaxshilash uchun 3 ta o‘quv binosi va auditoriyalar to‘liq kuzatuv kameralari bilan jihozlandi. 25 ta smart televizori, 40 dan ortiq videoproyektor bilan jihozlangan xonalar, 2 ta videodarslik yozish uchun mediamarkaz, 1 ta “IT inkubatsion markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Onlayn mashg‘ulotlar olib borish uchun vebinar (internet orqali ta’lim faoliyati olib boriladigan) xonalar soni 8 taga yetkazildi. 150 dona yuqori quvvatli zamonaviy kompyuter xarid qilinib, magistrlar va talabalar tomonidan loyiha-konstruktorlik ishlarini bajarish uchun o‘quv jarayoniga tatbiq qilinmoqda. Institut hududida 600 o‘rinli 4 ta ma’ruzalar zali barpo etilgan. 

Professor-o‘qituvchilar tomonidan 200 dan ziyod ma’ruza mavzulari bo‘yicha videodarsliklar videomarkazlarda yozildi va 2022 yilning yanvar oyidan 1 dekabrga qadar 52 ta darslik, 59 ta o‘quv qo‘llanmalar yaratildi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi muvofiqlashtiruvchi kengashdan o‘rnatilgan tartibda ekspertizadan o‘tkazilib, guvohnomalar olindi. Institutning 111 nafar rahbar-xodim va professor-o‘qituvchisi o‘z malakasini oflayn va onlayn tarzda oshirganini ham alohida ta’kidlash lozim.

Poyoniga yetgan 2022 yilda kimyo, kimyoviy texnologiya va yo‘l muhandisligi, umumtexnika fanlari, ekologiya va atrof muhit muhofazasi, qurilish materiallari va konstruksiyalari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi  kafedralariga umumiy qiymati 48 ming 800 Yevro hamda  176 ming AQSH dollari qiymatida bo‘lgan yangi zamonaviy laboratoriya jihozlari olib kelib o‘rnatildi. Shuningdek, dekabr oyida transport vositalari muhandisligi, umumtexnika va fizika kafedralariga qiymati 130 ming AQSH dollarilik yangi laboratoriya jihozlari keltirilgan.

Institutda ta’lim olayotgan 1-2-3-kurs talabalaridan ishlash istagini bildirgan 1 ming 300 nafaridan ortig‘ining bandligi ta’minlangan. 2021-2022 o‘quv yilida o‘qishni tamomlagan 1 ming 169 nafar bakalavr va 130 nafar magistr ish beruvchi korxonalar bilan uch tomonlama shartnomalar asosida ish bilan ta’minlandi.

Institut ilmiy faoliyatiga bir nazar

Ushbu oliy ta’lim muassasasida olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida o‘tgan yili professor-o‘qituvchilardan jami 34 nafari falsafa fanlari doktori (PhD)  va 1 nafar fan doktori (DcS) ilmiy darajasi uchun tayyorlagan dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2022 yil davomida 3 nafar o‘qituvchi professor, 11 nafari dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘ldi.

 Olib borgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida o‘tgan 2022 yil boshidan 26 ta darslik, 50 ta o‘quv qo‘llanma, 48 ta monografiya, 22 ta ixtiro va foydali modelga, 30 ta elektron dasturga patent guvohnomalari, 10 ta ishlanmaning amaliyotga tatbiqi bo‘yicha dalolatnoma olingan Shuningdek, 30 ta “Scopus” xalqaro ma’lumotlar bazasidagi indekslangan, 360 ta xorijiy ilmiy, 340 ta OAK tasarrufidagi jurnallarda va 2 mingdan ortiq mahalliy konferensiya materiallarida va xalqaro xorijiy konferensiyalarda professor-o‘qituvchilarning ilmiy ish va maqolalari chop etilgan. 

Oliygoh olimlari tomonidan ish beruvchi korxona va tashkilotlar muammolarini hal etish uchun tuzilgan xo‘jalik shartnomalari doirasida 550 million  so‘mdan ortiq va xorijiy grantlar hisobidan 60 ming Yevroga yaqin mablag‘ institut hisob raqamiga tushirilgan.

[gallery-10178]

 “Olima ayollar” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi  g‘olibi, jamoa a’zosi Dilafruz Kazakova “Yangi yaratilgan g‘o‘za navlari aralashmasidan mustahkam, raqobatbardosh tikuv iplari ishlab chiqarish” deb nomlangan 740 million so‘mlik loyihani bajarmoqda. Dotsent F.Egamberdiyev rahbarligida “Pnevmotransport tizimida paxta xususiyatlarini o‘rgangan holda tola yo‘qolishini oldini olish nazariy qonuniyatlarini yaratish” mavzusida amalga oshirilayotgan “Mashinada terilgan paxtaning sifatini oshirish maqsadida resurstejamkor takomillashtirilgan tola tozalagich uskunasini yaratish”  loyihasi 100 million so‘mlik vaucher(xususiylashtirish cheki, qimmatli qog‘oz)ga ega bo‘ldi. 

Energetika va radioelektronika fakulteti o‘qituvchisi H.Abdiyev “Ixtirochilik va ratsionalizatorlik” respublika ko‘rik-tanlovida birinchilikni qo‘lga kiritib 90 million so‘mlik pul mukofoti bilan taqdirlandi. 

 Zamon shiddat bilan o‘zgarishlarga yuz tutayotgan davrda chet tilini bilish eng muhim talabga aylandi. Institutda bu borada iqtidorli talabalar uchun chet tillarni chuqurlashtirib o‘rgatish maqsadida “Xorijiy tillar” kafedrasidan malakali o‘qituvchilar ajratilib, alohida dastur asosida mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Tashkil etilgan “IT-park” da iqtidorli talabalar hamda dasturlash tillariga qiziqadigan bir qator yoshlarga kompyuter savodxonligi, grafik dasturlar, “web dasturlash”, ingliz tili o‘rgatilmoqda. Bulardan tashqari, yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida institut professor-o‘qituvchilari va talaba yoshlari tomonidan 41 ta amaliy, innovatsion va startap loyihalar tayyorlanib, ularning mazkur sohalardagi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishlari uchun barcha sharoit yaratilgan. 

Iqtidorning amaldagi samarasi

Institutning kimyoviy texnologiya fakulteti talabasi Ziyodabonu Mullajonova Oliy va o‘rta mahsus ta’lim vazirining 2022 yil 19 dekabrdagi buyrug‘iga muvofiq 2022-2023 o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sovrindori bo‘ldi.  Shuningdek, institutning 4 nafar talabasi Beruniy davlat stipendiyasi, 1 nafari Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi sovrindori hisoblanadi.

Energetika  va radiotexnika  fakulteti talabasi Ilyos Tolliboyev MDH miqiyosida tashkil etilgan xalqaro ilmiy amaliy ko‘rik-tanlovning “Ilm fan sohasidagi xizmatlari uchun”, kimyoviy texnologiyalari fakulteti talabasi Ziyoda Mullajonova “Renessans davri: ilmiy-tadqiqotlar yetakchisi”esdalik ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. 

Oliy ta’lim muassasaning 6 nafar talabasi “Islohotlar bilimdoni”, “Mirzo Ulug‘bek vorislari”, “Uchinchi renessans – yoshlar nigohida”, “Yangi O‘zbekiston: ilm qaldirg‘ochlari – 2022” birinchi respublika ko‘rik-tanlovlari g‘olib va sovrindorlari qatoridan joy olgani e’tiborlidir.

Bundan tashqari davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Besh muhim tashabbus” ni keng joriy etish ilg‘or texnologiyalari nominatsiyasida talaba  Gavharxon Orziqulova “Talaba qizlarni ish bilan ta’minlash” mavzusidagi loyihasi bilan 3-o‘rinni, xorijiy tillarni o‘zlashtirishning zamonaviy usullari nominatsiyasida 2-bosqich magistranti Sevara Hasanova hamda arxitektura va qurilish fakultetida tahsil olayotgan iqtidorli talaba Nodira Botirovalar “English-Bus” (ingliz tilini o‘rgatuvchi) innovatsion mobil avtobusini yaratish va foydalanishga tatbiq etish” loyihasi bilan 3-o‘rinni egalagan. “UZBEKISTAN GTL” kompaniyasi 2022-2023 o‘quv yili uchun IV stipendiyalari tanlovi”da institutning arxitektura va qurilish fakulteti talabasi Karimboy Sotimov ushbu kompaniyada amaliyot o‘tash uchun voucher sohibi bo‘lgan. Institut talabalari sport sohasida bir qator yutuqlarga erishmoqda. Jumladan, servis fakulteti 2-kurs talabasi Muxlisa Eshmirzayeva o‘tgan yilning mart oyida Tailandning Pattaya shahrida bo‘lib o‘tgan sportning para-kanoe turi bo‘yicha Osiyo chempionatida ishtirok etib, qit’a chempionligi va musobaqa oltin medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 10 dan ortiq talaba sportning bel olish va uch kurash, universal jang, muay-tay WMF, suzish, suvga sakrash, shaxmat va shashka turlaridan xalqaro, mamlakat chempionati va O‘zbekiston kubogida chempionlikni va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. 

Xalqaro hamkorlik yo‘lida

Institutda 2022 yil xalqaro hamkorlik bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Yaponiya davlatining Yaponiya tashqi savdo sohasini rivojlantirish vakili, “JETRO-Japan External Trade Organization” kompaniyasi rahbari janob Takahashi Jun tashrifi amalga oshirilib, institut bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Qozon Federal universiteti Naberejnachelna instituti direktori Maxmut Ganiyev boshchiligidagi delegatsiya bilan xalqaro loyihalarning holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Koshitsa texnika (Slovakiya), Vena amaliy fanlari (Avstriya), Nissa (Fransiya) va Riyeka (Xorvatiya) universitetlari hamda Tojikiston Respublikasining 4 ta, Qozog‘istonning 3 ta universiteti bilan hamkorlikda “TRIGGER – Markaziy Osiyoda OTM bitiruvchilarining ish bilan ta’minlanishi uchun qulay sharoitlar yaratish orqali innovatsion yondashuvlar, tadbirkorlik ko‘nikmalarini va munosabatlarini rivojlantirish” nomli loyihasi amalga oshirildi. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 999 ming 573 Yevroni tashkil etadi. 

Jizzax politexnika instituti va O‘zbekiston Ixtirochi ayollar markazi ishtirokidagi umumiy  qiymati 914 ming 603 Yevroga teng bo‘lgan “O‘zbekiston – Qozog‘istonda charm va charm buyumlar ishlab chiqarish bo‘yicha OTMlarni kuchaytirish – REILEAP” loyihasi charm buyumlar ishlab chiqarishni innovatsion rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, ushbu loyiha Krit politexnika (Gretsiya), Ege (Turkiya), Yashi (Ruminiya) universitetlari hamda Qozog‘istonning 2 ta universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. 

Bundan tashqari, Jizzax politexnika institutida Jahon banki akademik innovatsiyalar jamg‘armasining “Data Net  Project” kompaniyasi bilan birgalikda qiymati 100 ming AQSH dollarlik “O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish markazi va elektronikadan qo‘shma o‘quv laboratoriya yaratish” mavzusidagi grant loyihasi ham amalga oshirilmoqda.

Jizzax politexnika instituti rektori, professor Alisher Usmanqulov boshchiligida oliygoh professor-o‘qituvchilari bir qator xojiy davlatlarda bo‘lib, ushbu davlatlar OTMlari bilan memorandum va hamkorlik shartnomasi imzoladi.

Jumladan, Andolu, Kaysari, Bartin, Yeditepe, Erzrum texnika universitetilari bilan hamkorlik memorandumi, Ege universiteti bilan talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, mashinasozlik, energetika, kimyo texnologiyalari kabi sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha shartnoma va memorandumlar imzolandi.

Shuningdek, Alisher Usmanqulov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Tatariston Respublikasi Qozon Federal universitetining Naberejnachelna institutiga davlat imtihon komissiyasi faoliyati bilan tanishish va boshqa hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida xizmat safarida bo‘ldi. Ushbu institutda 2+2 qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida tahsil olgan o‘zbek talabalarining bitiruv malakaviy ishlari himoya jarayonlarida qatnashdi. Talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, institutning moddiy texnik bazasi, o‘quv laboratoriyalari bilan yaqindan tanishdi. Ilmiy kengashida ishtirok etib, qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkillashtirishda duch kelingan muammo va kelgusi rejalar muhokama qilindi. Jizzax politexnika institutidan yuborilayotgan 33 nafar talabani 2022-2023 o‘quv yilida jo‘natish masalalari muhokama qilindi.

Samarqand shahrida 2022 yil oktyabr oyida  o‘tkazilgan “Uchinchi O‘zbekiston – Rossiya ta’lim forumi” da Rossiya Federatsiyasining Ural Federal universiteti bilan bir qator hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

O‘z navbatida, Fransiyaning Nissan, AQSHning Shimoliy Dakota universitetlari, Hindistonning Acharya instituti, Xitoy, Janubiy Koreya oliygohlaridan kelgan professor-o‘qituvchilari tomonidan Jizzax politexnika instituti doktorantlari, ilmiy tadqiqotchilari, iqtidorli talabalar uchun turli dolzarb mavzularda ma’ruza, seminar trening, konferensiyalar tashkil etildi.

2022 yilning 28-29 oktyabr kunlari Jizzax politexnika institutida “Ishlab chiqarishning texnik, muhandislik va texnologik muammolarining innovatsion yechimlari” nomli xalqaro ilmiy-texnik anjuman bo‘lib o‘tdi. 4 dekabrda Turkiyaning Ege universitetining vakillari, xalqaro konsultant Nedim Dilsiz, Selma Onbashi va qishloq xo‘jaligi fakulteti muhandisi Ozgur Aykaya bilan institutda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va xorijiy loyihalarda birgalikda ilmiy ishlar olib borish to‘g‘risida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Institutda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuz mavsumida 4 ming 434 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Jizzax politexnika institutida oliygoh hududiga 1 dona 100 kVt.li qiymati 1 milliard 100 million so‘mlik quyosh foto elektr (QFE) stansiyasi hamda talabalar turar joyiga 10 dona jami hajmi 2 ming litr bo‘lgan qiymati 105 million so‘mlik quyosh suv isitgichlari (QSI) o‘rnatildi.

 Germaniya davlatining granti doirasida umumiy qiymati 11 ming Yevro bo‘lgan  “Quyosh elektr panellarini va tejamkor lampalarni sinaydigan  laboratariya”  qurilmasi olib kelindi va qurilmadan tajriba mashg‘ulotlarida va ilmiy ishlarni olib borishda foydalanilmoqda.

Germaniya davlatining granti doirasida “MARTIFER SOLAR. SA” firmasi orqali grant hisobidan quvvati 10 kVt bo‘lgan qiymati 100 ming Yevrolik quyosh elektr stansiyasi o‘rnatildi.

2022 yilning noyabr oyida Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tkazilgan “Fransiya – O‘zbekiston 2” ta’lim forumida ishtirok etgan institut rektori Alisher Usmanqulov Fransiya OTMlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishdi. Bundan tashqari, 2022 yilda Jizzax politexnika instituti JICA va KOIKA xalqaro tashkilotlariga a’zo bo‘ldi va bundan keyin ularni tanlovlari va grantlarida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. 

Jamoaning ezgu maqsadi

 – Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan  murojaatnomasida insonga bo‘lgan e’tibor, sifatli ta’lim xususida alohida to‘xtaldi. Biz ham shundan kelib chiqib 2023 yil uchun ulkan rejalar tuzdik, – deydi Jizzax politexnika instiuti rektori, professor Alisher Usmanqulov. – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” uchun oldimizga qo‘ygan birinchi galdagi ezgu maqsadimiz – asosiy e’tiborni inson omiliga qaratish, talaba va professor-o‘qituvchilarimiz uchun zarur bo‘lgan, imkoniyatimiz darajasidagi barcha sharoitlarni yapatib berish, har bir ishga ilmiy yondashish, harakatdan, izlanishdan to‘xtamaslik. 

Qolaversa, oliygoh qoshidagi 2 ta texnikum, institutimizga biriktirilgan Forish, Zafarobod va Paxtakor tumanlaridagi umumta’lim hamda hududlardagi 7 ta ixtisoslashgan maktablarning o‘quvchi va muallimlari ta’lim sifatini yaxshilash na ko‘maklashish. Ana shunda, ta’limda ulkan marralarni zabt etamiz.

A.QAYUMOV, O‘zA