Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
ALISHER SHODMONOV: “Har bir mutasaddi vaziyatga ota-ona koʻzi bilan qarashi kerak”
18:00 / 2020-09-01

Ayni kunlarda maktablarda yangi oʻquv yilini boshlash masalasi eng muhim vazifalardan biri boʻlib turibdi.


Ayni kunlarda maktablarda yangi oʻquv yilini boshlash masalasi eng muhim vazifalardan biri boʻlib turibdi. 

Maktablar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sinflarda ijtimoiy masofani saqlash, qoʻl yuvishga yetarli sharoit yaratish, niqob taqishni nazorat qilish, respirator kasalliklar alomati borlarni ertalabki filtr jarayonida alohida tekshiruvdan oʻtkazish, dars mobaynida aniqlangan bemorlarni izolyatsiya qilish, hojatxonalarni sanitariya talablariga moslashtirish, oshxonalarda gigiyena talablarini taʼminlash, surunkali kasalligi bor va nogironligi bor bolalarga alohida yondashuv singari muhim jihatlarga eʼtibor berish, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Hozirda mamlakatimizda “COVID-19”ga chalingan jami 41 994 nafar bemordan qariyb toʻrt ming nafariga yaqinini bolalar tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkichning aksariyat qismi mamlakatimizda karantin eʼlon qilingan hamda xalq taʼlimi muassasalari faoliyat yuritmagan davrga toʻgʻri keladi.

Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmonov mavjud vaziyatda, eng avvalo, maktablarning zarur talablarga javob berishi oʻta muhim ekanligini taʼkidlab kelmoqda.

Vazirning soʻzlariga koʻra, bu vaziyatda quyidagi omillarni hisobga olish va ularni oʻquv yili boshlangunga qadar bartaraf etish zarur:

- taʼlim muassasalarining baʼzilari ichimlik suvi bilan taʼminlanmaganligi;

- maktab oshxonalari hamda hojatxonalarining sanitariya-gigiyena talablariga toʻliq javob bermasligi;

- maktab xamda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida xizmat qiladigan xodimlarning va ota-onalarning xizmatdan tashqari vaqtlarida turli jamoat joylari (bozor, magazin, avtobus, qarindoshlar, qoʻshnilar)da boʻlishlari;

- ushbu yoshdagi bolalarni kun davomida maktab hududida ijtimoiy masofani saqlay olishini taʼminlash;

- bolalarda koronavirus koʻp holatlarda yengil yoki klinik belgilarsiz (simptomlarsiz) kechsa ham, ular ushbu virusning asosiy tarqatuvchilaridan biri boʻlishlari va ular oʻz oilalaridagi kattalarga, ayniqsa, xavf ostidagi guruhlardagi qarindoshlariga yuqtirishi va aholi oʻrtasida kasallikni koʻpayishiga olib kelishi mumkinligini eʼtiborga olish kerak.

Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov xalqimiz kelajagi boʻlmish yosh avlodning sogʻligʻi haqida qaygʻurish tibbiyot tizimi vakillarining asosiy vazifalaridan biri ekanini eslatib:

“Koronavirus bolalarda yengil oʻtishi bu ehtiyotkorlikni unutish degani emas. Chunki bir qator mamlakatlardagi holat buning aksini koʻrsatmoqda. Har birimizning farzandlarimiz, nabiralarimiz bor. Bolalar sogʻligʻi haqida gap ketganda, ularning oʻrniga oʻz bolamizni qoʻyib koʻraylik. Shuning uchun maktablarga biriktirilgan 10 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimlaridan, pedagoglardan, mahalliy hokimiyat vakillaridan vaziyatga ota yoki ona koʻzi bilan qarashlarini soʻrardim”, deb taʼkidladi vazir.

Yangi oʻquv yili oldidan barcha ota-onalar va pedagoglar bu jarayonga masʼuliyat bilan yondashishlarini soʻraymiz. Farzandlarimiz xavfsizligiga javobgar ekanligimizni aslo unutmaylik.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi