Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Alisher Saʼdullayev: Uchinchi Renessans vakillari Yangi Oʻzbekiston farzandlari boʻladi
10:00 / 2020-09-02

RENESSANS. Bu soʻzni ilgari ham eshitganman, oʻqiganman.


RENESSANS. Bu soʻzni ilgari ham eshitganman, oʻqiganman. 

Uni fanda ilk bor italyan gumanistlari qoʻllaganini ham bilaman. Lekin Vatanimiz mustaqilligining 29 yillik bayramida bu soʻzni Prezidentimizdan eshitib, uning shukuhini, quvvatini oʻzgacha hayrat, oʻzgacha masʼuliyat bilan idrokladim.

Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan strategik saʼy-harakatlar kun kelib Uchinchi Renessansga poydevor boʻlishini joʻshqin nutqdan shuurimga oqib kirayotgan motivatsiyaning katta toʻlqinida angladim. Axir, mudroq jamiyatni, odamlarni uygʻotishning oʻzi RENESSANSning debochasi emasmi! Bugungi Oʻzbekiston kechagi Oʻzbekiston emasligi, bugungi yoshlar kechagi yoshlar emasligini isbotlashga hojat qolmaganining oʻziyoq zalvorli natija emasmi!

Eʼtibor qiling: Prezident yoshlar haqida qatʼiy ishonch bilan gapirdi. Matematika, kimyo, biologiya – fundamental fanlarni zoʻr oʻqitaylik, dedi, innovatsiyalarga yoʻl ochaylik, dedi. Yoshlarning maʼrifati, maʼnaviyati bosh masalamiz, strategik vazifamiz, ustuvor yoʻnalishimiz, dedi. Bularning amaldagi isbotini koʻring: soʻnggi toʻrt yilda Oʻzbekistonda 43 yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi. Bu yil oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun 1,5 millionga yaqin yigit-qiz hujjat topshirdi. Bu yoshlarimizning taʼlim olishga motivatsiyasi 40 foizga oshdi, degani. Shu oʻquv yilidan yana bir yangi tizim joriy etildi: kam taʼminlangan oilalar qizlarining bilim olish imkoniyatini kengaytirish maqsadida OTMga qabulda ular uchun davlat granti asosida 940 qoʻshimcha oʻrin ajratildi. Mana sizga isteʼdodlarning intilishlarini roʻyobga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish, hayotda munosib oʻrin egallashlari uchun yaratilgan imkoniyatlar!

Prezidentimiz oʻqituvchilar oyligini 1000 AQSH dollari ekvivalenti miqdorigacha oshirish, ularning ijtimoiy mavqeini yuksaltirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtdi.Haqiqatan ham, uzoqni koʻzlagan har qanday rejaning asosini sifatli taʼlim tashkil etadi. Koʻhna Xitoy mutafakkiri Konfutsiy:“Agar rejangiz bir yillik boʻlsa sholi eking, oʻn yillik boʻlsa daraxt eking, yuz yillik boʻlsa bolalaringizga taʼlim bering” deya bejiz taʼkidlamagan. Kelajakda kutilgan “hosil”ni yigʻish uchun Oʻzbekistonimizda hozirdan keng imkoniyatlar yaratilyapti, yoshlarni ilmu maʼrifatga ragʻbatlantirish, ilm egalarini qadrlashga qaratilgan tizim yaratilyapti.

Oʻz navbatida, yoshlar ham shaxsiy rivojlanishi uchun motivatsiya manbalarini oʻzi topa bilishi kerak –u xoh kitob, xoh kinoasar, xoh sport yoki sayohat boʻlsin. Imkoniyat yaratilsa oʻqiyman, deydigan emas, har qanday vaziyatda ham bilim olish va rivojlanishga harakat qilaman, deydigan yigit-qizlarimiz safi kengayishi uchun hammamiz birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Biz yashab turgan shu muqaddas zaminda Uygʻonish – Renessans boshlangan paytlar Yevropa hali gʻaflat uyqusida ekanini koʻpchilik yaxshi biladi. Bu tarixiy haqiqatni Yevropaning yetuk olimlari tan olgani ham sir emas. Harqalay, atoqli nemis sharqshunosi Adam Mesning “Musulmon Renessansi”, akademik Nikolay Konradning “Sharq Renessansi” konsepsiyasi osmondan tushgan emas. Agar “Die Renaissance des Islams” kitobini ushbu mavzudagi bosh manba, deb hisoblaydigan boʻlsak, Adam Mesdek buyuk olim fundamental tadqiqotini yaratishda ulugʻ vatandoshimiz Beruniyning ilmiy merosiga tayanganidan faxrlanmay boʻladimi!

Mashhur Maʼmun akademiyasida kamolga yetgan Ibn Sino, Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy kabi allomalar Sharq uygʻonish davrining birinchi bosqichiga, Temuriylar davri tamaddunining yorqin vakillari – Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi olimlar ikkinchi yuksalish bosqichiga hissa qoʻshgani qiyos qilinsa, Uchinchi Renessans vakillari bugungi islohotlarning mevalaridan bahra olgan Yangi Oʻzbekiston farzandlari orasidan yetishib chiqsa, ne ajab!

Alisher SAʼDULLAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori.