Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani yoki odometr uskunasi almashtirilgani haqida avtotransport vositasini realizatsiya qilishdan oldin xaridorni xabardor qilmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Shuningdek, ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs, jabrlanuvchi advokat va qonuniy vakilga sudya yoki mansabdor shaxsning ishtirokini rad qilish huquqi, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritishda ishtirok etishga monelik qiladigan holatlar belgilanmoqda.
— Sud ishini ko‘rib chiqishda sudya va boshqa shaxslarning ishtirokini rad etish mexanizmlari ko‘pgina kodekslarda mavjud, — dedi deputat Sh.Joldasova. — Ammo bu mexanizm Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mavjud emas. Maxsus huquqdan mahrum qilingan shaxsning ushbu huquqini tiklash mexanizmida bir nechta kamchiliklar mavjud. Maxsus huquqdan mahrum qilish muddatini qisqartirish to‘g‘risidagi iltimosnoma huquqdan mahrum qilingan shaxs tomonidan emas, balki korxona, muassasa, tashkilot ma’muriyati tomonidan kiritilishi korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Oliy sud ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rtacha 6 mingga yaqin shunday iltimosnomalar ko‘rib chiqilib, 5 mingga yaqini qanoatlantirilgan. Shundan kelib chiqib, loyihada ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs advokat va qonuniy vakilga sudya yoki mansabdor shaxsning ishtirokini rad qilish huquqi belgilanmoqda.

Qayd etilganidek, qonun loyihasida voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha ishlarni ko‘rishda pedagog yoki psixologning majburiy ishtirok etishi talabi nazarda tutilmoqda.
Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish jarayonida voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq holatlarda pedagog va (yoki) psixolog ishtirokini ta’minlash ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolati bo‘lgan organlar (mansabdor shaxslar) zimmasida bo‘ladi.
Qonun loyihasida maxsus huquqdan mahrum qilish jazosi bir yarim yilgacha muddatga tayinlangan bo‘lsa, maxsus huquqdan mahrum qilish muddatini qisqartirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritish imkoniyati jazo muddatining yarmi o‘tgach, bir yarim yildan uch yilgacha muddatga tayinlangan bo‘lsa, uchdan ikki qismi o‘tgach taqdim etilishi o‘z aksini topmoqda.
Shu bilan birga, maxsus huquqdan mahrum qilish muddatini qisqartirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar toifasi ko‘zda tutilmoqda.
Qonun loyihasidagi normalar iste’molchilar huquqlarining kafolatlarini ta’minlash, voyaga yetmaganlarning huquqlarini to‘liq himoya qilish, sud ishlarini ko‘rishda ularni ruhiy va psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamalarda bir qator taklif va fikr-mulohazalar bildirildi. O‘zMTDP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov bugun O‘zbekiston avtomobilsoz davlatga aylanganini e’tirof etgan holda ayrim shaxslar mashina oldi-sotdisini kasbga aylantirganini aytib o‘tdi. Bu sohadagi firibgarliklarni bartaraf etish muhimligini urg‘uladi. Jumladan, mashinaning odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilib, avtotransport yoshining kichik qilib ko‘rsatilayotganidan aholi vakillari jabr chekayotganini ta’kidladi. Shu ma’noda ushbu qonun loyihasi iste’molchi huquqlarini ta’minlashga qaratilgan xalqchil qonun bo‘lishini qayd etdi.
Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA