Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Alisher Qodirov: Mablag‘ ajratishda masala yo‘q, ammo samaradorlikda muammolar bor...
13:43 / 2025-09-09

Qonunchilik palatasining majlisida Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining joriy birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot qizg‘in va atroflicha muhokama qilindi. Hukumat vakillari oldiga qator dolzarb masalalar yuzasidan savollar qo‘yildi. Muhokamalarda fraksiyalar vakillari ham so‘z olib, Davlat byudjeti ijrosi borasida o‘z munosabati, pozitsiyasi va takliflarini bildirdi.

Xususan, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov jahon iqtisodiyotida o‘zgaruvchanlik, dunyo sahnida beqarorlik yuz berayotgan ayni vaqtda mamlakatimizda iqtisodiy barqarorlik, aholi farovonligi ta’minlanib, o‘sish kuzatilayotganini e’tirof etdi. Shu bilan birga, byudjet ijrosidagi ayrim kamchiliklarga hamda vazirlik va idoralar tomonidan samaradorlikka erishishga jiddiy e’tibor qaratilishi lozimligiga urg‘u berdi:

—  Bugun biz ko‘ryapmizki, vazirlik va idoralarda pul masalasida, moliyaviy yetishmovchilik bo‘yicha masala yo‘q. Misol uchun, yangi o‘quv yili boshlandi. Ammo 6 yo‘nalishdagi darsliklar nashr qilinmagan. Eng og‘riqlisi, O‘zbekiston tarixi va O‘zbek tili darsliklari nashr qilinmagan. Farzandlarimiz milliy davlatchiligimiz, tilimizga oid darsliklarni o‘qimasa, nimani o‘qiydi!?

Yana bir muammo davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini didaktik materiallar bilan ta’minlash. Bu yo‘nalishga ajratilayotgan mablag‘larning hammasi o‘yinchoqlar uchun xarajat qilinyapti. Lekin bolalarimizning ona tilimizda milliy tafakkurini shakllantiradigan didaktik kitoblar bor-yo‘g‘i 1000-1,500 nusxada nashr qilinyapti. Vaholanki, bugun 8 mingga yaqin bog‘chalar bor. Ular hech bo‘lmaganda bittadan kitob bilan ta’minlanganda, kamida 8 ming kitob nashr qilishga ehtiyoj bo‘lishi kerak. Bolalarga atalgan, ona tilimizdagi kitoblarning soni, nashri kamligi achinarli holat.  

Bundan tashqari, davlatimiz aholi salomatligi uchun sog‘liqni saqlash sohasiga ayamasdan mablag‘ ajratyapti. Keyingi paytlarda onkologiya va endokrinologiya kasalliklari ko‘payib boryapti. Bu kasalliklar uchun mablag‘ ajratilyapti, ammo mablag‘larning o‘zlashtirilishi 60 foizni tashkil etmoqda. Lekin kasallik to‘xtab, kutib turmaydi. Davlat ajratayotgan bu mablag‘larni kasallarni davolash uchun joyiga yetkazishda, zarur dori-darmon bilan ta’minlashda Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’uliyatli yondashishi, samarali harakat qilishi lozim, — dedi fraksiya rahbari.

Muhtarama Komilova,

O‘zA