O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, joylarda aholining ishsiz qatlamini bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish, tomorqalardan unumli foydalanish bilan bog‘liq masalalarni o‘rgandi.
Dastlabki manzil Qarshi shahridagi kasbiy ko‘nikmalar markazi bo‘ldi. U yerda nazorat tahlil tarzida o‘rganish ishlari olib borildi.
Ta’kidlash lozimki, markazda bugungi kunda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 32 ta yo‘nalish bo‘yicha zamonaviy kasblarga tayyorlash, xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar va tadbirkorlikni o‘rgatish kurslari tashkil etilgan.

2025 yil yanvar-aprel oylari davomida 1 ming 332 nafar ishsiz hamda band bo‘lmagan fuqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga tayyorlash va xorijiy tillarni o‘rgatish kurslariga jalb etilgan bo‘lib, shulardan 813 nafar fuqaro o‘quv kurslarini bitirgan. Bitiruvchilarning 705 nafarining bandligi ta’minlangan. Ularning 32 nafari nogironligi bo‘lgan fuqarolar sanaladi.
Keyingi manzil G‘uzor tumanidagi Dashtobod mahallasi bo‘lib, u yerdagi “yettilik” faoliyati yaqindan o‘rganildi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida kambag‘al oilalarga berilgan yer uchastkalaridan samarali foydalanish va ularning daromadlarini oshirish orqali kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bilan tanishildi.
Masalan, ushbu mahalla “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida pomidorchilikka ixtisoslashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 291 ta oilaga 500 gektar yer maydoni ajratib berilgan. Raqamlar asosida tahlil etadigan bo‘lsak mavsum davomida har bir oila 80-100 million so‘mdan daromad ko‘rib, oilalar o‘zini o‘zi bandligini ta’minlab kelmoqda. Shuningdek, qo‘shni mahallalarda yashovchi 250 nafardan ziyod ishsiz fuqarolar mavsumiy ishchi sifatida jalb qilingan.

G‘uzor tumanidagi o‘rganishlar davomida partiya faollari “Miri-Janda ota” qadamjosini ham ziyorat qildi. Ziyoratgohni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, kelgusida majmuaga aylantirish orqali hududda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuvlar yakunida tumandagi 1-son politexnikumda Germaniyaning “Avestos” kompaniyasi bilan hamkorlikda xalqaro ta’lim dasturi asosida metalllarga ishlov berish kasbiga o‘qitish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur politexnikumda ishlab chiqarish amaliyotini yo‘lga qo‘yish maqsadida bugungi kunda 82 ta tashkilot va korxona bilan hamkorlik shartnomalari tuzilgan. Hozirda ushbu ta’lim muassasasida 1 ming 225 nafar o‘g‘il-qiz qurilish, yengil sanoat buyumlari konstruksiyasi va texnologiyasi, avtomobillarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish, tashishlarni tashkil etish hamda transportni boshqarish kabi kasblarga o‘qitilmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri