Davriy matbuot nashrlari faoliyatini rivojlantirish, ularning o‘quvchisini ko‘paytirish ma’naviy-ma’rifiy sohadagi muhim yo‘nalishlardan biridir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Davlat dasturi ijrosini muhokama qilish davomida O‘zMTDP fraksiyachi rahbari Alisher Qodirov ta’lim-tarbiya jarayoni, maktablar faoliyati xususida to‘xtalar ekan, bolalar nashrlariga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi:
— Biz maktabda o‘qiyotgan paytimizda “G‘uncha”, “Gulxan”, “Tong yulduzi” kabi gazeta va jurnallar bo‘lar edi. Maktabda kitob o‘qish ko‘nikmasi bilan birga, ularni mutolaa qilish orqali jamoatchilik fikrini o‘rganish, OAVni o‘qish ko‘nikmasi paydo bo‘lardi. Afsuski, bugun bolalarga mo‘ljallangan matbuot nashrlari bankrot holatda.
Ular umuman qo‘llab-quvvatlanmayapti. Bolalarimiz qo‘shimcha o‘qishni mana shu nashrlar orqali o‘rganishi kerak. Lekin bu nashrlar yo‘q bo‘lib ketish arafasida turipti. Xalq ta’limi vazirligi va tegishli mutasaddilar ushbu masalaga ham alohida e’tibor qaratishlari lozim, — dedi A.Qodirov.
M.Komilova, O‘zA