French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Alisher Navoiy va Sharq renessansi
11:43 / 2026-02-10

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy va Sharq renessansi” mavzusida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi.

Ushbu simpozium Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi jamoat fondi va Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida beshinchi bor tashkil etilmoqda.  

Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va boshqa bir qator tashkilotlar mutasaddi rahbarlari, Turkiya va Ozarbayjonning mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari va navoiyshunos olimlar ishtirok etdi.

Jahon adabiyoti tarixida o‘chmas iz qoldirgan Alisher Navoiyning serqirra ijodiy, ilmiy-ma’rifiy faoliyati, boy adabiy-badiiy merosi asrlar davomida Vatanga sadoqat, yuksak insonparvarlik, ilm˗ma’rifat timsoli ekani ta’kidlandi. Bu mumtoz siymo o‘ta murakkab sharoitda milliy va umuminsoniy g‘oyalarni baland ko‘tarib maydonga chiqqani, o‘zbek adabiy tiliga asos solib, uning o‘lmas ruhi, qudrati va latofatini har tomonlama isbotlab bergani dunyo sharqshunos olimlari tomonidan chinakam ma’naviy jasorat namunasi sifatida e’tirof etiladi.

– Shu kunga qadar sharqshunos olim va mutaxassislar tomonidan Navoiy ijodidagi milliy qadriyatlar, axloqiy-ijtimoiy me’yorlar hamda ularning bugungi yoshlar tarbiyasidagi o‘rni alohida tadqiqot ob’ektiga aylangan, – dedi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Hulkar Mirzahmedova. – Universitetimiz va Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi hamkorligida “Navoiy izdoshlari” nomli tanlov o‘tkazildi. Ushbu  tanlovda ishtirokchilar Alisher Navoiy qalamiga mansub kamida 85 ta g‘azalni mukammal yod olishi, aruz vazni qoidalariga muvofiq ifodali o‘qishi, g‘azalda qo‘llangan barcha so‘zlarning lug‘aviy ma’nosini izohlashi, baytlar nasriy bayonini ayta olish talablari shart qilib belgilandi. Bundan asosiy maqsad Navoiy ijodini keng targ‘ib qilish va chuqur o‘rganishdir.

Ushbu nufuzli simpoziumning o‘tkazilishi ham mamlakatimizda ilm-fan, ayniqsa, sharqshunoslik sohasida Navoiy adabiy merosiga berilayotgan e’tiborning yaqqol dalili bo‘ldi. Simpozium davomidagi ilmiy almashinuvlar, olimlarning topilmalari navoiyshunoslik sohasidagi ilm˗fanni yanada mazmunli qilib, kelgusidagi qo‘shma loyihalarga asos yaratadi.

Mohigul Qosimova, O‘zA